So‘nggi kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarida so‘nggi 75 yildagi eng kuchli yomg‘ir kuzatildi. Dubayda bir yillik yog‘in me’yoridan ham ortiqroq yog‘ingarchilik qayd etildi, oqibatda shaharda kuchli suv toshqinlari sodir bo‘ldi.

Yirik magistrallar, ko‘chalar, shuningdek, ko‘plab uy va binolarning birinchi qavatlari, jumladan, dunyodagi eng yirik savdo markazlaridan biri — “Dubay moll” ham suv ostida qoldi. Ko‘plab haydovchilar o‘z mashinalarini yo‘llarning o‘rtasida qoldirib ketishga majbur bo‘ldi.

Dubay xalqaro aeroporti faoliyatini to‘xtatdi va o‘nlab reyslar bekor qilindi yoki boshqa yo‘nalishga yo‘naltirildi. Suvlar shahar metrosini ham chetlab o‘tmadi.

Bloomberg nashrining yozishicha, BAAda rekord darajadagi yomg‘irlar sun’iy bulut ekishdan keyin sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu — atmosferaga kimyoviy moddalarni, ko‘pincha tabiiy tuzlarni purkash jarayoni uchun berilgan nom. Moddalar bulutlar bilan qo‘shilib, yomg‘ir yog‘adigan tuman paydo bo‘lishiga olib keladi.

BAAda suv tanqisligi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun 2002-yildan beri bulutli “sug‘orish” amalga oshirilmoqda, biroq mamlakatning ko‘plab hududlarida drenaj tizimlarining yo‘qligi suv toshqinlarini keltirib chiqarishi mumkin, deya ta’kidlaydi agentlik.

BAA Milliy meteorologiya markazi mutaxassisi Ahmad Habibning nashrga bildirishicha, yomg‘ir boshlanishidan oldin — 14 va 15-aprel kunlari maxsus bulutli ekuvchi samolyotlar yettita parvozni amalga oshirgan. Biroq u mamlakatda yomg‘ir kuztilgan 16-aprelda bunday parvozlar amalga oshirilganini rad etdi.

Bloomberg nashrining ta’kidlashicha, Dubay media ofisi uylarni suv bosganiga qaramay, yomg‘irlarni “yaxshilik yomg‘iri” deb atadi.

Bulut ekish yomg‘irni keltirib chiqargan bo‘lishi mumkin, deb yozmoqda AP. Agentlik tomonidan parvoz ma’lumotlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, bulutli “sug‘orish”ni amalga oshiruvchi kamida bitta samolyot BAA ustidan uchib o‘tgan.

BAAga qo‘shni Bahrayn, O‘mon, Qatar va Saudiya Arabistonida ham yomg‘ir yog‘di. O‘monda suv toshqini oqibatida 19 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida o‘n nafar maktab o‘quvchisi ham bo‘lgan, ular cho‘kib ketgan mashinadan chiqib keta olmagan.