2024-yilning 15-aprel kuni Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limida 29 yoshli homilador ayol va uning bo‘lajak farzandi vafot etdi.

Toshkent viloyati prokurori yordamchisi Asatulla Fathullayev holat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv ishlarini boshlaganini ma’lum qildi. Uning o‘limi sababini aniqlash maqsadida sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Mazkur holat Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Millar teledasturi marhumaning opasi va turmush o‘rtog‘i bilan uyushtirilgan videosuhbatni e’lon qildi.

Tibbiyot daftarida yozilganiga qaramay, unga allergiya beradigan dorini yozib berishgan

“2023-yil 24-avgustda oila qurganmiz. Ayolim homilador bo‘ldi. Aprelda markaziy shifoxonaga bordik, ginekolog ayolimni ko‘rib, badaningiz, qo‘lingizda ozgina shish, suv yig‘ilishi bor, sizni nazoratga olamiz, deb aytdi. Men o‘z ishlarim bilan shaharga ketdim… Tibbiyot daftarida unga allergiya beradigan ukollar mutlaqo qilinmasligi kerakligi haqidagi eslatmalar yozilgan. Shunga qaramay, allergiya beradigan dorini ayolimga yozib berishgan”, — dedi marhumaning eri.

Ayolning opasi: “Agar yotmasang, bola ichingda dimiqib qoladi”, deyishibdi

“Doktorlar unga dori yozib bergan. Retseptni olib qarasam antibiotik ekan. Dorini berib, bundan allergiyang bor, deb aytdim. U “proba” (sinov) qilishar ekan, olmasam bo‘lmas ekan, dedi. Hech qayeri og‘rimayotganini aytgandi. Menga singlimning mazasi yo‘qligi, “sudorogi” tutib qolganini aytishdi. Kirsam, uni jonlantirish bo‘limidan olishgan, og‘zidan ko‘pik oqib yotgan edi. Singlim birozdan so‘ng o‘ziga keldi. “Bolam”, “turg‘izinglar, ayyy” deb rosa baqirdi-da, shu bilan o‘chdi.

Ichida bola darrov o‘lgan. Singlimning birinchi farzandi edi, zurriyodsiz qoldi", — deydi opa.

Antibiotik ineksiyasi bemorga og‘ir allergik reaksiya bergan

Tibbiyot birlashmasi reanimatologining so‘zlariga (shifoxona mas’ullari o‘zini tanishtirmagan) ko‘ra, homiladorlar potologi bo‘limida bemorga antibiotik in’eksiyasi qilingandan so‘ng, og‘ir allergik reaksiya, anofilaktik shok darajasining xavfli formasi kuzatilgan. Shu zahoti bo‘limga shifokorlar chaqirtirilib, bemorga xonaning o‘zida shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ahvoli o‘ta og‘irligi sababli u jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan.

“Reanimatsion chora-tadbirlar davom ettirilgan, kerakli muolajalar qilingan, kerakli tekshiruvlar olib borilgan. Shu o‘rtada bemorning ahvoli o‘ta og‘irligicha saqlanib qolgan. Kerakli mutaxassislar uni kuzatib, jarrohlik muolajasini o‘sha jarayonda o‘tkazgan. Lekin, shunga qaramay, bemorda biologik o‘lim kuzatilgan”, — dedi shifokor.

Bo‘stonliq tumani tibbiyot birlashmasi rahbari o‘rinbosari бu masala bo‘yicha navbatchi hamshiraga tegishli chora ko‘rilganini aytdi. Shifokor ishdan chetlatildi, deya izoh berdi u.

“Ayolim farzandim bilan qo‘limda jon berdi”

Ayolning eri unga puls tushgandan so‘ng tinchlantiruvchi dori qilishganini, badani ko‘karib ketganini aytdi. Bundan tashqari, uning 7,5 oylik homilasi nobud bo‘lganini qo‘shimcha qildi. “Ayolim 2 kundan ortiq komada yotdi. Tush vaqti o‘g‘limni olib, ko‘mib keldim. Ketidan ayolimni ham ekspertizadan olib, kechasi ko‘mib keldim. Men ayolimni reanimatsion bo‘limda yotgan payti dalda berish uchun gaplarimni aytgandim. Ayolim baribir farzandim bilan qo‘limda jon berdi”, — deydi erkak.

Erkak ayoliga nega ruxsat etilmagan dori urilganini so‘roq ostiga olib, ayolining sog‘lig‘iga bee’tibor bo‘lganlarga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.