O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvining yangi bosqichidan chuqur xavotirda, deya bayonot berdi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston tomoni barcha taraflarni bosiqlikka, harbiy harakatlarni davom ettirishdan tiyilishga hamda mojaroni eng qisqa fursatlarda siyosiy tartibga solish uchun mumkin bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishga chaqiradi.

“Mazkur mintaqadagi keskinlikning avj olishi yanada jiddiy oqibatlarga va keng ko‘lamli harbiy qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin deb hisoblaymiz”, — deyiladi bayonotda.

13-aprel kuni Eron Isroil tomon o‘nlab dron va raketalarni uchirdi. Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu hujumdan so‘ng darhol xalqqa murojaat qilib, mamlakat uzoq yillardan buyon Eron hujumiga tayyorgarlik ko‘rganini, hukumat “har qanday ssenariyga, mudofaaga ham, hujumga ham tayyorligini” ta’kidladi.

Avvalroq O‘zbekiston TIV Isroil tomonidan Eronning Suriyadagi konsulligiga qilingan va bir necha kishining o‘limiga sabab bo‘lgan aviazarbani keskin qoralagandi. “Xorijiy davlatlarning diplomatik va boshqa vakolatxonalariga hujum qilinishini mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat deb hisoblaymiz”, — deya ta’kidlagan vazirlik.