13-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Parkent tumanidagi So‘qoq qishlog‘iga kuchli sel kelgani haqida videoxabar tarqaldi.

Holat yuzasidan viloyat hokimligining ma’lum qilishicha, o‘sha kuni qisqa muddatda yog‘ib o‘tgan ko‘p miqdordagi kuchli yog‘ingarchilik oqibatida qishloqning Chashma mahallasida sel oqimlari yuzaga kelgan.

Hodisa oqibatida mahalla hududidan oqib o‘tuvchi suv yo‘liga kuchli yog‘ingarchilik oqibatida oqib kelgan suv sig‘may, mazkur hududdagi avtomobil yo‘lining qatnov qismiga toshib chiqqan.

Parkent tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi va tegishli xizmatlar tomonidan mazkur holat yuzasidan hududda o‘rganish ishlari olib borilgan. Hech qanday talafotlar aniqlanmadi, deyiladi xabarda.

Avvalroq O‘zgidromet 12−15-aprel kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli O‘zbekistonning 9 ta viloyatida, xususan, Toshkent viloyatining Parkent tumanida ham sel-suv toshqini hodisalari kuzatilishidan ogohlantirgandi.