O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Boshqirdiston va Tatariston xalq artisti Jenisbek Piyazov Burkitovich oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining madaniyat va san’atni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, mazkur lavozim jamoatchilik asosida joriy etildi.

“Jenisbek Piyazov oliy va professional ta’lim tizimida yoshlarning ijtimoiylashuvini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, talaba yoshlarning „Besh muhim tashabbus“ doirasida san’at, madaniyat, musiqa sohasidagi iqtidor va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, ularni ushbu yo‘nalishdagi to‘garak va klublarga faol jalb etishda maslakdosh bo‘lishiga ishonch bildirildi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Jenisbek Piyazov 2022-yilda jamoatchilik asosida maktabgacha ta’lim vaziri maslahatchisi etib tayinlangan va hozir ham maktabgacha ta’lim agentligi rahbari maslahatchisi sifatida ishlab kelmoqda.

Bu lavozimlar uchun unga haq to‘lanmaydi.