O‘zbekistonda mart oyida aholining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan biroz (-0,2 foiz) sekinlashib, 12,8 foizni tashkil etdi. Bu Markaziy bank e’lon qilgan infografikada aks etgan.

Infografika: Markaziy bankInfografika: Markaziy bank

Valyuta kursi o‘zgarishi va narxlarning sun’iy oshirilishi kelgusida narxlar oshishiga ta’sir etuvchi asosiy omil bo‘lishini qayd etganlar ulushi ortdi (61 foiz, fevralda 56 foiz edi). Yonilg‘i va energiya resurslari narxi oshishini asosiy omil sifatida belgilagan respondentlar ulushi kamaydi (50 foiz, fevralda 54 foiz edi).

inflyatsion kutilmalar

Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari ham o‘tgan oyga nisbatan biroz pasaydi (-0,5 foiz) va 12,2 foizni tashkil etdi.

inflyatsion kutilmalar

Tadbirkorlar orasida valyuta kursi o‘zgarishini narxlar oshishiga olib keluvchi asosiy omil sifatida ko‘rsatganlar ulushi ortgan (61 foiz, fevralda 57 foiz edi). Yonilg‘i va energiya resurslari narxi oshishini belgilagan tadbirkorlar ulushi kamaygan (44 foiz, fevralda 49 foiz edi).

inflyatsion kutilmalar

Sohalar kesimida eng yuqori inflyatsion kutilmalar axborot texnologiyalari sohasida ishlovchilar (ular inflyatsiya 16, 8 foiz darajasida bo‘lishini ko‘rsatgan) tomonidan qayd etilgan bo‘lsa, eng past kutilma turizm sohasiga (10 foiz) to‘g‘ri keldi.

Tadbirkorlar subyektlarining eng yuqori inflyatsion kutilmalari madaniyat sohasida kuzatildi (15 foiz), eng past kutilmalari esa turizm sohasida bo‘lib turibdi (10,8 foiz).

inflyatsion kutilmalar

Aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida (16,9 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past inflyatsion kutilmalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (10 foiz) va Jizzax viloyatida (9,9) yashovchi aholi tomonidan qayd etilgan.

Biznes vakillari bo‘yicha eng pessimistik kutilmalar ham Toshkent shahrida bo‘lib turibdi (14,4 foiz), eng optimistik kutilmalar Qoraqalrog‘istonda (10,3 foiz) qayd etilgan.

inflyatsion kutilmalar

Daromadlari 7 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari o‘rtachadan yuqori shakllandi. Xususan, 15 mln so‘mdan yuqori daromadga ega respondentlar inflyatsiya keyingi bir yil ichida 19,2 foiz darajasida bo‘lishini kutmoqda.

inflyatsion kutilmalar

Toshkent shahrida yashovchi respondentlarning 22 foizigina inflyatsiya 8 foiz yoki undan kamroq bo‘lishiga ishonmoqda.

inflyatsion kutilmalar

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida ham O‘zbekistonda aholining inflyatsion kutilmalari pasaygandi. Aholi va tadbirkorlar eng ko‘p valyuta kursi o‘zgarishi hamda yonilg‘i va energetika narxi oshishidan xavfsirayotganini qayd etgan.