13-aprel kuni tongda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida yuz bergan yo‘l transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, to‘rt kishi jarohatlandi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Hodisa Toshkent-Termiz M-39 avtomobil yo‘lining 998-kilometrida sodir bo‘lgan. Yutong avtobusi Howo yuk mashinasi orqasiga borib urilgan. Oqibatda Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli va Mo‘ynoq tumanlarida yashovchi 2 kishi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida halok bo‘lgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri va Taxiatosh tumanida yashovchi 3 kishi hamda 1 nafar fransiyalik fuqaro turli darajada jarohatlar olgan.

Tibbiy yordamga muhtojlarga tegishli yordamlar ko‘rsatilmoqda. Avtobusning boshqa yo‘lovchilarini manzillariga yetkazish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Ijtimoiy tarmoqlarda avtobus Nukusdan Olmaota (Qozog‘iston) yo‘nalishida harakatlanayotgani aytilgan.