Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin Rossiya huquq-tartibot idoralari “Krokus siti holl”dagi teraktni tergov qilish davomida xalqaro huquqiy me’yorlar va tamoyillarga amal qilishi, xususan, aybsizlik prezumpsiyasi va qiynoqlarga qo‘yilgan taqiqga rioya qilishlari kerakligini aytdi. Bu haqda u 12-aprel kuni Minskda bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida gapirdi, deya xabar berdi “Aziya-Plyus” nashri.

“Ochiq axborot maydonida terrorchilik harakati sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxslar tan jarohati yetkazish tarzidagi qiynoqlar qo‘llangan holda hibsga olingani aks etgan tasvirlar namoyish etilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu yo‘l bilan olingan iqrorlarning bahosi hammaga yaxshi ma’lum”, — degan vazir.

Tojikiston TIV rahbari, shuningdek, “yaxshi o‘ylanmagan axborot kampaniyasi” oqibatida “Tojikiston fuqarolari va tojikistonliklarga nisbatan salbiy tushuncha shakllanayotganini va bu qabul qilib bo‘lmaydigan holat” ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston terakt bo‘yicha tergov xolis va adolatli bo‘lishini, barcha: “tashkilotchilar, aybdorlar, ularning sheriklari va bu dahshatli jinoyatga buyurtma berganlar” jazolanishini kutadi.

Eslatib o‘tamiz, 22-mart kuni kechqurun Moskva yaqinidagi “Krokus siti holl” konsert zaliga terrorchilar bostirib kirdi. Ular konsert zaliga tashrif buyurgan tomoshabinlar va u yerdagi xodimlarga qarata o‘t ochdi, keyin esa zalni yoqib yubordi. Voqea oqibatida 144 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi jarohatlandi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov 26-mart kuni sodir etilgan teraktga aloqador 11 kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Ish bo‘yicha dastlabki to‘rt nafar ayblanuvchi — Tojikiston fuqarolari 25-martga o‘tar kechasi sud qarori bilan hibsga olindi, ularga terrorchilik moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Dalerjon Mirzoyev, Saidakrami Rajabalizoda, Muhammadsobir Fayzov va Shamsiddin Fariduni ikki oy muddatga hibsga olindi.

Sud yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Ommaviy axborot vositalari tomonidan e’lon qilingan sud jarayonidan olingan fotosuratlar va videolarda ayblanuvchilar hibsga olish paytida yoki hibsga olingandan keyin jarohatlanganini ko‘rish mumkin. Dalerjon Mirzoyevning bo‘yniga polietilen paket o‘ralgan.

Hibsga olish chog‘ida Saidakrami Rajabalizoda qulog‘ining bir qismini kesib, uni yeyishga majburlangan (holat aks etgan video Telegram kanallarida tarqatilgan). Sud zalidan olingan suratda uni qulog‘iga bog‘lab qo‘ygan holda ko‘rish mumkin.

Muhammadsobir Fayzov sudga aravachada olib kelindi. 23-mart kuni hibsga olinganidan so‘ng uning ko‘zi shishgan va qonagan holda tushgan surati chiqdi. Keyinchalik uning ko‘zi o‘yilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Sud majlisidan olingan suratda u tibbiy xalatda va aravachada tasvirlangan bo‘lib, zaldagi majlisga munosabat beradigan darajada emasligini ko‘rish mumkin.

Hujumdan ikki kun o‘tib, Shamsiddin Fariduniyning hibsga olinganidan keyingi surati paydo bo‘ldi, u, aftidan, elektr toki bilan qiynoqqa solingan.

Rossiya ombudsmani Tatyana Moskalkova 26-mart kuni hibsga olinganlar va ayblanuvchilarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, barcha protsessual va operativ harakatlar qonunga muvofiq amalga oshirilishi kerakligini aytdi. “Meduza”ning ta’kidlashicha, hatto o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxslarning ham qiynoqlarga uchragani butun jamiyat uchun xavflidir.