Poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi akademik litsey negizida qaytadan maktab tashkil etish taklif qilinmoqda. Bu taklifni Bahodir Abduvaliyev shahar hokimi Shavkat Umurzoqov bilan uchrashuvda bildirdi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

9-aprel kuni Shavkat Umurzoqov tashrifi chog‘ida tuman hokimi Shoshtepa va Akbarobod mahallalari infratuzilmasi va qiyofasini yaxshilash bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

Taqdimotda Bahodir Abduvaliyev Mega Planet savdo markazi yonidagi 26,5 gektar maydonda joylashgan Akbarobod mahallasini rivojlantirish chora-tadbirlari haqida gapirdi. U yerdagi 21 ta uyda 3248 nafar aholi istiqomat qiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahallaga avvallari shu hududda bo‘lgan maktab zarur. 2007-yilda 960 o‘rinli maktab binosi Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi akademik litseyga berilgan bo‘lsa-da, u atigi 30 foiz quvvat bilan ishlamoqda. Binoning bir qismi musiqa maktabiga aylangan.

“Litseyga sektor mudiri bilan shaxsan o‘zim tashrif buyurdim. U yerda faqat 30 foiz o‘quv xonalari band, viloyatlardan kelgan talabalar tahsil olishadi. Sinf xonalarining 70 foizi bo‘sh. Shu bois litsey binosini kimyo sanoati tizimidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi balansiga qaytarib, o‘sha yerda yana maktab tashkil etishni taklif qilaman. Bu mahalla uchun zarur”, — dedi u.

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov bu taklifni ko‘rib chiqishini ta’kidlab, litseyni ko‘chirish uchun joy ajratish zarurligini bildirdi.

Bahodir Abduvaliyev. Foto: Toshkent hokimligi.Bahodir Abduvaliyev. Foto: Toshkent hokimligi.

Tuman hokimining ma’lum qilishicha, litsey hududidagi 27,5 sotixli uchta bo‘sh yer uchastkasini (1 sotix uchun 65 ming dollar) auksion orqali sotish yo‘li bilan 22,5 mlrd so‘m jalb qilish kutilmoqda. Gap “o‘lik va foydalanilmayotgan” hovuz haqida ketmoqda, dedi u. Savdodan tushgan mablag‘ni mahallani obodonlashtirish, maktabni ta’mirlashga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

2024-yilda Akbarobod mahallasida 9,5 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Toshkentdagi mahalla va ko‘chalarni obodonlashtirish ishlari Avstraliyaning Sidney shahri tajribasidan kelib chiqqan holda yagona me’yorlar bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan, dedi hokim Shavkat Umurzoqov. U “nafaqat shahar markazida, balki chekka mahallalarda ham ideal sharoit bo‘lishi kerak”ligini aytdi.