10-aprel kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Bo‘rijar kanalida cho‘kib ketgan shaxs Xitoy fuqarosi bo‘lib chiqdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Qutqaruvchilar uning jasadini 12-aprel kuni topdi.

Kanalga uch kishi — bolali ayol va erkak cho‘kib ketgani haqida yozgandik. Bosh prokuraturaning aniqlik kiritishicha, cho‘kib ketgan ayol va bola — ona va o‘g‘il bo‘lib, Rossiya fuqarolari sanaladi. Erkak ular bilan tanish bo‘lmagan, cho‘kayotganlarga yordam berish uchun suvga tushgan.

Holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.