O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi Isroilda istiqomat qiluvchi fuqarolarga murojaat bilan chiqdi.

Xabarda mintaqadagi vaziyat tufayli Isroil hududida bo‘lib turgan fuqarolardan ehtiyotkorlik va xavfsizlik chora-tadbirlarini ko‘rish hamda doimiy ravishda hushyorlik zarurligi so‘ralgan.

“Ushbu ziddiyatli kunlarda shaxsiy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish uchun yashab turgan joyingizni zaruratsiz tark etmaslikni tavsiya qilamiz”, — deyiladi diplomat missiya xabarida.

Elchixona konsullik bo‘limi ishonch telefonlari: 03−672−2466, 03−672−2371, 03−758−5075, 03−758−5076.

Favqulodda holatlarda va shoshilinch xabarlar uchun: 972 54 485 1397.

BBC nashrining yozishicha, AQShning Isroildagi elchixonasi o‘z xodimlariga “xavfsizlik nuqtai nazaridan” Quddus, Tel-Aviv va Beyershebadan tashqariga chiqmaslikni buyurdi.

Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller jurnalistlar bilan suhbatda bunday ehtiyot choralari sabablarini oshkor qilmagan va faqatgina Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharq va, ayniqsa, Isroildagi tahdidlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini qo‘shimcha qilgan.

Bir kun avval AQSh prezidenti Jo Bayden Eron Damashqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondonlarining yaqinda o‘ldirilganiga javoban Isroildagi nishonlarga zarba berishni rejalashtirayotganini e’lon qilgandi.

The Wall Street Journal nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilga yaqin 24−48 soat ichida Erondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum kutilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, mamlakat janubi yoki shimoliga hujum qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 1-aprel kuni Isroil aviatsiyasi Suriyaning Damashq shahridagi Eron konsulligiga hujum qilgan. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining yetti nafar a’zosi, jumladan “Quds” kuchlari qo‘mondoni general Muhammad Rizo Zohidiy va general Muhammad Hodi Hoji Rahimiy halok bo‘lgan. O‘zbekiston TIV Eronning Suriyadagi konsulligiga qilingan aviazarbani qoralagan.

Zarbadan so‘ng Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy “Sionistik rejim jazolanishini” aytgandi.