O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 11-aprel kuni Minskda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Belarus rahbari Baxtiyor Saidovga yaqinda Toshkentga rasmiy tashrifi chog‘ida O‘zbekiston tomoni ko‘rsatgan mehmondo‘stligi uchun minnatdorlik bildirdi.

“O‘shanda biz o‘z oldimizga ulkan rejalarni belgilab oldik — tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish. Bizda qayergadir chekinishga vaqt yo‘q va bunga hojat ham yo‘q deb o‘ylayman. Biz o‘z rolimizni o‘ynashga tayyormiz, umid qilamanki, O‘zbekiston ham bor kuchini sarflaydi”, — dedi Aleksandr Lukashenko (iqtibos uning matbuot xizmati tomonidan keltirilgan).

Shuningdek, u Belarusni Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo bo‘lish yo‘lida qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi.

“Biz kelishib olgan qo‘shma korxonalarni yaratishga alohida e’tibor qaratishingizni so‘rayman. Biz o‘shanda BelAZ va boshqalar haqida gaplashdik. Keling, ushbu yo‘nalishda jiddiy ishlaylik. Biz bu bilan qiziqdik. O‘zbekistonga taklif qiladiganlarimiz bor… O‘ylaymanki, Belarusda bo‘lganingiz uchun, agar siz korxonalarimizni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, iltimos, istalgan vaqtda istalgan korxonaga tashrif buyurishni tashkil etamiz, shunda siz ularning mahsulotlari O‘zbekistonda foydalanish uchun maqbul ekaniga ishonch hosil qilishingiz mumkin”, — deya davom etdi prezident.

Aleksandr Lukashenko Belarus “O‘zbekiston va bu mamlakat xalqiga doimo do‘st va birodar bo‘lib kelganini” ta’kidladi.

“Har doim shunday bo‘lib qolishiga ishonch hosil qilishingiz mumkin. Biz mehnatsevarligimiz, vatanparvarligimiz, davlatimizga bo‘lgan munosabatimizda juda o‘xshash ekanimizni tez-tez aytaman. Shunday ekan, keling, o‘sha paytda Toshkentda erishgan kelishuvlarimizni bajaraylik”, — dedi u.

александр лuкашенко, бахтиёр саидов, беларuсь

Baxtiyor Saidov Aleksandr Lukashenkoga prezident Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazdi. “U menga alohida e’tibor qaratdi va „Do‘stimga eng yaxshi tilaklarimni yetkazing“, dedi. Tabiiyki, O‘zbekistonga qilgan tashrifingiz tarixiy tashrifdir”, — dedi vazir.

O‘zbekiston Belarus bilan munosabatlarni barcha sohalarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga tayyor, dedi u.

Fevral oyi boshida O‘zbekiston va Belarus prezidentlari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollardan ziyodga yetkazish, Janubiy Osiyoga savdo yo‘laklaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, oziq-ovqat va yengil sanoat sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgandi. Hududlar forumida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq hujjatlar ham imzolangan.

Shavkat Mirziyoyev muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda misni boyitish fabrikalari qurish uchun BelAZ bilan hamkorlikda kon samosvallari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish zarurligini ma’lum qilgan.