2024-yil mart oyi butun dunyo bo‘ylab kuzatuvlar tarixida rekord darajadagi eng issiq mart bo‘ldi. Bu haqda Yevropa iqlim xizmati Copernicus hisobotida aytiladi. Ketma-ket o‘ninchi oydirki, harorat bo‘yicha yangi jahon rekordi o‘rnatilmoqda.

Copernicus ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida sayyora yuzasida o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha 14,14 darajani tashkil etgan — bu 1991-yildan 2020-yilgacha bo‘lgan mart oylaridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,73 darajaga yuqori. Bundan tashqari, bu 2016-yilning marti, ya’ni avvalgi rekord issiq oyga nisbatan ham 0,10 darajaga ko‘p.

Oxirgi 12 oy davomidagi (2023-yil aprelidan 2024-yilning martigacha) global o‘rtacha harorat ham tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi. Harorat 1850−1900-yillardagi sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan 1,58 daraja yuqori bo‘ldi.

“2024-yilning mart oyida havo va dengiz yuzasi harorati bo‘yicha qator iqlim rekordlari davom etmoqda… Havo isib borishini to‘xtatish uchun issiqxona gazlarining emissiyasini tez sur’atda kamaytirish zarur”, — dedi Copernicus direktori o‘rinbosari Samanta Berdjess.

Yevropadan tashqari Shimoliy Amerika, Grenlandiya, Sharqiy Rossiya, Markaziy Amerika, Janubiy Amerikaning bir qismi, Afrikaning ko‘p qismlari, Avstraliyaning janubi va Antarktidaning ayrim qismlarida o‘rtachadan yuqori harorat qayd etilgan.

Copernicus`ning ta’kidlashicha, El-Nino Tinch okeanining ekvatorial qismida zaiflashishda davom etgan bo‘lsa-da, dengiz havosining harorati ko‘pincha noodatiy baland darajada saqlanib qolgan. Mart oyidagi o‘rtacha global dengiz yuzasi harorati 21,07 darajaga yetgan — bu tarixdagi eng yuqori oylik ko‘rsatkich. O‘tgan oy Antarktidadagi dengiz muzlari darajasi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 20 foiz past bo‘lgan.

Bu yilgi istisno haroratlar allaqachon dunyoning turli mintaqalariga zarar yetkazishga ulgurdi, deya qayd etdi Reuters. Amazonkaning tropik o‘rmonlari hududidagi iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan qurg‘oqchilik Venesuelada yanvar-mart oylarida rekord darajadagi o‘rmon yong‘inlarini keltirib chiqargan bo‘lsa, Janubiy Afrikada qurg‘oqchilik ekinlarni nobud qilib, millionlab odamlarni ocharchilikka duchor qildi.

  • 2024-yil yanvar va fevral oylari ham jahon tarixidagi eng issiq oylar sifatida tan olingan. Olimlarning fikricha, joriy yil rekord o‘rnatilgan 2023-yildan ham issiqroq bo‘lishi mumkin.