Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Nukusda fuqaroni DXXga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxsni ushlagani haqida xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida yashovchi shaxs aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, tanishlari orqali uni Davlat xavfsizlik xizmati organlariga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. U buning evaziga 11 ming AQSh dollari talab qilgan. Gumondor so‘ralgan pulni Nukus shahrida olgan vaqtida DXX va prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur shaxs muqaddam 4 nafar fuqaroni DXX idoralariga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan ulardan jami 65 ming AQSh dollari olgani ham aniqlandi.

Keltirilishicha, ushbu shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan 5 marotaba sudlangan. Hozirda unga nisbatan yana Jinoyat kodeksining ayni shu moddasi (Firibgarlik) va 28,211-modda (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov ketmoqda.