ADM Jizzakh zavodi 2025−2027-yillar oralig‘ida O‘zbekistonning eng ko‘p soliq to‘laydigan 5 korxonasi qatoridan joy olishi rejalashtirilmoqda. Bu prezident tashrifi davomida tanishgan zavodning kelajakdagi rejalari bo‘yicha taqdimotda qayd etilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmatiFoto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, zavodning rejalashtirish va rivojlantirish bo‘limi rahbari Alisher Komilov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida gibrid va elektromobillar ishlab chiqarish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.

2024-yilda zavod rivojlanishining ikkinchi bosqichi bo‘yicha ishlarini yakunlamoqda. Zavoddagi ishchilar soni hozirda 4500 nafardan ortiqni tashkil etadi.

“Rivojlanishning uchinchi bosqichi muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda avtomobillar ishlab chiqarish majmuasini yaratish bo‘ladi, ya’ni CKD [mayda uzelli yig‘ish] asosida gibrid avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqarishni to‘liq o‘zlashtirmoqchimiz — kuzov panellarini shtamplash, payvandlash, bo‘yash va avtomobilni yig‘ish. Bu xuddi hozirgi [KIA] Sonet modeli kabi O‘zbekistonda to‘liq mahalliylashtirilgan avtomobil bo‘ladi”, — dedi Alisher Komilov.

adm jizzakh

Uchinchi bosqich 2025-yildan 2027-yilgacha amalga oshiriladi. Loyihalar uchun 550 mln dollar investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Ular orasida gibrid va premium avtomobillar, shuningdek, CKD asosida tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish, ilmiy markaz va mahalliylashtirish kompaniyalarini tashkil etish, presslash sexini qurish, yoritish tizimlari va o‘rindiq karkaslarini ishlab chiqarish bor.

Natijada 2027-yilga borib ADM Jizzakh`ning tovar aylanmasi 4 barobarga oshib, 4,7 mlrd dollarni tashkil etishi kerak (2024-yilda 1,2 mlrd dollar). Shu bilan birga, zavodning davlat budjetga to‘lovlari 700 mln dollarga yetishi (2024-yilda 200 mln dollar), bu orqali zavod mamlakatning eng ko‘p soliq to‘lovchi korxonalari orasida yuqori beshtalikka kirishi (2024-yilda 12-o‘rinda ekani aytilgan) kutilmoqda.

Bundan tashqari, avtomobil zavodi maydoni 170 gektarga, ishchilar soni esa ikki baravar ko‘payib, 10 ming kishiga yetadi. 972 turdagi butlovchi qismlardan 348 tasini ishlab chiqarishni rivojlantirish hisobiga mahalliylashtirish darajasi 30 foizdan 45 foizgacha oshadi.

ADM Jizzakh`ning texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Ilyos Abdumannopovning aniqlik kiritishicha, 2027-yil o‘rtalarigacha Janubiy Koreya va xitoylik hamkorlar bilan birgalikda gibrid avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tijorat texnikalari deganda mikroavtobus va avtobuslar tushuniladi.