Rossiyaning “Stroyproyekt” kompaniyasi Toshkentda 10 million dollarga biznes markazi quradi, deb xabar bermoqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.

SSP ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yil oktabr oyida Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov boshchiligidagi Rossiya ishbilarmon doiralarining mamlakatga tashrifi chog‘ida poytaxtda biznes markazi qurish taklifi ilgari surilgan.

Loyiha davlat-xususiy sheriklik doirasida investor mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Binoda SSP Toshkent shahri boshqarmasi va Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TXAM) bepul joylashtiriladi.

SSP matbuot xizmatining Spot`ga aniqlik kiritishicha, mazkur inshoot Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi (“Panorama”) va “Paxtakor” stadioni o‘rtasida (avtoturargoh o‘rnida) qurilishi rejalashtirilgan. Investor Sankt-Peterburgdagi “Stroyproyekt” MCHJ kompaniyasi bo‘ladi.

Bino qo‘shimcha ikki qavatli yerosti avtoturargohi bilan qurilishi rejalashtirilgan. Internetdagi foydalanuvchilar saytdagi daraxtlar yuzasidan tashvishlarini bildirmoqda.

“Ishbilarmonlik markazini barpo etishda yer uchastkasidagi va atrofdagi mavjud daraxtlarga ziyon yetkazilmaydi hamda Ekologiya vazirligi bilan birgalikda barcha daraxtlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning har biri raqamlanadi”, — deb ishontirdi SSP.

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahrining Maxtumquli ko‘chasida joylashgan “O‘zsanoatqurilishbank"ning Yashnobod filiali o‘rnida umumiy qiymati 40 million dollarlik savdo-ko‘ngilochar markaziga ega 21 qavatli bino qurish reja qilinmoqda. Prezident boshqa banklar rahbarlariga ham xuddi shunday loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.