Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida sanoat va energetika sohalarida yangi loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, birgina 2023-yilda mamlakatda 4600 ta sanoat korxonasi ishga tushirilgan. Sanoat 6 foizga o‘sib, 656 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari, umumiy quvvati 2,4 GVt bo‘lgan 7 ta yirik issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalari tarmoqqa ulangan. 14 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar evaziga umumiy quvvati 12 GVt bo‘lgan 31 ta elektr stansiyasi qurilmoqda. Joriy yilda Navoiy, Buxoro, Namangan, Toshkent va Qashqadaryoda 2,6 GVt quvvat tarmoqqa ulanishi kutilmoqda. Umuman olganda, muqobil energetikani rivojlantirish hisobiga joriy yilda “yashil” energiyaning ishlab chiqarishdagi ulushi 30 foizga yetishi kerak.

“Biz bu ishlarni xalqimizga munosib turmush sharoiti hamda sanoatimiz rivoji uchun uzluksiz energiya ta’minotini yaratish maqsadida amalga oshiryapmiz. Bu hamma hududlarda yaxshi an’anaga aylanib ulgurdi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ramziy tugmani bosib, ikkita majmua qurilishini boshlab berdi.

Birinchi loyiha — G‘allaorol tumanida quriladigan, metallurgiyaga ixtisoslashgan sanoat zonasi. U yerda 500 million dollarlik 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, armatura, po‘lat sharlar, quvurlar, avtomobil kuzovi va maxsus texnikalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Hududda bojxona ombori ham bo‘ladi. Jami 5 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Ikkinchi loyiha — Xitoyning China Poly Group va China Electric kompaniyalari bilan hamkorlikda Forish tumanida quriladigan quyosh elektr stansiyasi. Qiymati 350 million dollar bo‘lgan, 500 MVt quvvatga ega stansiya yiliga 1,1 milliard kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa 450 ming xonadonning energiya ta’minotini yaxshilaydi. Stansiyaning dastlabki 200 megavatt quvvati shu yil yakunida tarmoqqa ulanishi rejalashtirilgan.

“Yaqin yillarda Sharof Rashidov, Forish va G‘allaorol tumanlarida yana 1 ming 660 megavattli issiqlik, shamol va quyosh elektr stansiyalari ham quriladi. Bular aholi turmush darajasini oshirib, iqtisodiyot rivojiga qo‘shimcha turtki bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.