Rossiya Ukrainaning aholi soni bo‘yicha ikkinchi shahri bo‘lmish Xarkovni yashash uchun yaroqsiz “kulrang zona”ga aylantirishga qaror qildi, deb yozmoqda Economist nashri o‘zining Kiyevdagi harbiy manbalariga tayanib.

Nashrning qayd etishicha, Rossiya armiyasi dekabr oyida Xarkovni bombardimon qilishni kuchaytirgan — so‘nggi bir necha oy ichida shaharga keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri ko‘proq ballistik raketalar uchirilgan. “Dron hujumlari tez-tez sodir etiladigan bo‘ldi: ular tezroq va balandroq uchmoqda, qanotlari esa uglerod bilan qoplangan, bu esa ularni urib tushirishni qiyinlashtiradi”, — deyiladi maqolada.

27-mart kuni Rossiya, shuningdek, Xarkovga boshqariladigan aviabombalar bilan hujum qila boshladi, deb yozadi Economist va buni urushdagi “burilish nuqtasi” deb atadi. Besh kun oldin raketa hujumi shaharning deyarli butun energetika infratuzilmasini vayron qildi. Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, Xarkovni boshqariladigan aviabombalar, raketalar va dronlardan o‘qqa tutish mobaynida — bir hafta davomida kamida 16 kishi halok bo‘lgan, 50 dan ortiq kishi jarohatlangan.

“Agar G‘arb [Ukrainaga] kuchli havo hujumidan mudofaa tizimlari yoki bomba tashuvchi qiruvchi samolyotlarni ortga qaytara oladigan F-16 samolyotlari bilan ta’minlaganda, shaharning ko‘plab muammolarini hal qilish mumkin edi”, — deb ta’kidlaydi Economist. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya G‘arb tomonidan yetkazib berilgan, Kiyev Xarkov kabi shaharlarni himoya qilish uchun ishlatgan Patriot havo mudofaa tizimlarining bir qismini yo‘q qilgan.

Rossiyaning “aniq niyatlari” noaniq, biroq u yozgi yirik hujumga tayyorlanayotgani bo‘yicha “aniq belgilar” bor, deb yozadi Economist. Ukraina razvedkasi ma’lumotlaridan xabardor manbaning nashrga bildirishicha, Rossiya hozir Sharqiy Sibirda 120 mingga yaqin harbiy xizmatchini tayyorlamoqda.

“Xarkov kelajakdagi hujumlar uchun bir nechta ehtimoliy yo‘nalishlardan biridir. Bu eng ishonchi variant emas, lekin u allaqachon Rossiya ommaviy axborot vositalarida faol muhokama qilinmoqda”, — deyiladi materialda.

Xarkovni egallash bo‘yicha harbiy operatsiya Rossiya uchun qiyin vazifa bo‘ladi, deb hisoblaydi Economist. Rossiya armiyasi oxirgi marta buni 2022-yilda amalga oshirishga urinib ko‘rgandi, o‘shanda shahar ancha qoniqarsiz himoyalangan va “muvaffaqiyatsizlikka uchragan”. “Shaharni egallash uchun Ukraina mudofaasini buzib o‘tish, uni o‘rab olish (Rossiya esa hali buni uddalay olmagan), havo ustunligini qo‘lga kiritish (bu ham amalga oshgan emas) va shahardagi qonli kampaniyada g‘alaba qozonish kerak bo‘ladi”, — deb yozadi nashr.

  • Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bir kun avval Xarkovdagi “juda og‘ir” vaziyatni e’lon qilgandi. “Rossiya terrori davom etmoqda. Rossiyaliklar deyarli har kuni shaharga qarshi boshqariladigan bombalardan foydalana boshladi”, — dedi u o‘zining videomurojaatida. Zelenskiy Ukrainada havo hujumidan mudofaa tizimlari yetarli emasligini qo‘shimcha qildi va G‘arb hamkorlarini Kiyevga qo‘shimcha Patriot tizimlari bilan ta’minlashga chaqirdi.