Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida ADM Jizzakh avtomobil zavodi faoliyati bilan tanishdi. U yerda ishlab chiqarish 2021-yilda boshlangan, zavodni Roodell kompaniyasi boshqaradi.

O‘tgan uch yilda Kia, Chery hamda Haval brendlari ostida 23 turdagi 36 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan. Loyiha doirasida 234 million dollar miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilib, 1 ming 800 ta ish o‘rni yaratildi, deyiladi xabarda.

Birinchi bosqichda yirik uzelli yig‘uv yo‘lga qo‘yilgan. Bir vaqtning o‘zida zavodni kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilib, joriy yil mart oyida yangi bino va quvvatlar ishga tushirilgan. “Ya'ni yuqori texnologiyalarni jalb qilgan holda shtamplash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ishni qamrab oluvchi ishlab chiqarish jarayoni tashkil etilgan”, — deb yozadi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari zavoddagi ishlab chiqarish jarayonini atroflicha ko‘zdan kechirdi.

Korxona Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlardan keltirilgan texnologik uskunalar bilan jihozlangan. Zavodda 30 ta robot bor, ishlab chiqarish jarayoni 33 foiz avtomatlashtirilgan. Avtomobilning yurish qismlari sozligi, statik va dinamik tormoz tizimini tekshirish jihozlari o‘rnatilgan.

Prezident zavodda mahalliylashtirish darajasini oshirish, mamlakatdagi sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 2024−2027-yillarda 348 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan. Ayni paytda O‘zbekistondagi 21 ta korxona bilan kooperatsiya tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Umuman, korxonada yiliga 100 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Natijada kelgusida ish o‘rinlari sonini 3 mingga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Avtomobillar sifatini oshirish maqsadida Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy va Vetnam davlatlaridan malakali mutaxassislar jalb etildi. Joriy yildan boshlab dastlab 50 nafar muhandis Janubiy Koreya hamda Xitoydagi tadqiqot va loyihalash markazlarida malaka oshirishga yuborilishi belgilangan.

Davlat rahbari yaqinda zavodda ishlab chiqarishi boshlangan yangi Kia Sonet avtomobili bilan tanishdi.

Video