6-aprel kuni Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari bo‘linmalari ishtirokida maxsus-taktik o‘quvlar boshlandi, deya xabar qilmoqda Mudofaa vazirligi.

“Bo‘linmalarning jangovar shayligini yanada oshirish, o‘zaro uyg‘unlik harakatlarini muvofiqlashtirish hamda professional darajada harakatlanish ko‘nikmalari va tayyorgarligini har tomonlama baholash maqsadida tashkil etilgan taktik o‘quvlarda harbiy okrug qo‘shinlari bo‘linmalarining zirhli texnikalari, harbiy yengil zirhli va yuk avtomobillarining Toshkent viloyati va Toshkent shahrining belgilangan marshrutlari bo‘yicha harakatlanishi rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Harbiy texnikalar harakati vaqtida haydovchilarga yo‘l-harakati qoidalari va harakat xavfsizligiga qat’iy rioya qilish tavsiya qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning noyabr oyida Qashqadaryo viloyatida Lacetti rusumli avtomashinaning harbiy yuk tashish transporti bilan to‘qnashib ketishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan edi.