Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan Xivada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda qozoq-o‘zbek tandemi hayotiy zarurat, degan fikrni bildirdi. Bu so‘zlarni uning matbuot xizmati keltirmoqda.

“Biz faqat birgalikda va uyushibgina mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishini ta’minlay olamiz”, — dedi Toqayev.️ Shu munosabat bilan Qozog‘iston rahbari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 2034-yilgacha bo‘lgan strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlagani xabar qilindi.

️Uchrashuvda prezidentlar iqtisodiy hamkorlik masalalari, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, energetika, transport, suv xo‘jaligi va IT sanoati sohalarida hamkorlik yuzasidan fikr almashdi.

Akorda ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil oxirida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,4 milliard dollarni tashkil qilgan. Sanoat, energetika, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda portfelga investitsiya hajmi 2,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 60 ta qo‘shma loyiha kiritilgan.

Avvalroq xabar qilinganidek, uchrashuvda sanoat kooperatsiyasining uzoq muddatli dasturini yaratish, shuningdek, transport va energetika sohalarida infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Suhbat chog‘ida madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, Qozog‘iston va O‘zbekistonning noyob sayyohlik salohiyatini ochib berishga alohida e’tibor qaratildi”, — deyiladi Akorda xabarida.

Shavkat Mirziyoyev va ️Qosim-Jomart Toqayev mintaqaviy kun tartibini ko‘rib chiqdi.