O‘zbekistonda oilaviy tadbirkorlik uchun garovsiz imtiyozli kreditning maksimal miqdori 33 million so‘mdan 100 million so‘mga oshirilmoqda. Bu prezidentning 3-apreldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

2024-yil 1-apreldan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarga (asosiy ish joyiga ega shaxslar bundan mustasno) oilaviy tadbirkorlik dasturi bo‘yicha kreditlar ajratila boshlaydi.

Ular 33 million so‘mgacha, bir yildan so‘ng ushbu qarz oluvchining tadbirkorlik faoliyati samaradorligi, qarzning maqsadli ishlatilgani hamda zaruratga qarab guruh kafilligi (kamida 3 nafar fuqaro) bilan qo‘shimcha 50 mln so‘mgacha revolver asosida mablag‘ olishi mumkin bo‘ladi.

Kreditdan tomorqa xo‘jaligini rivojlantirishning bir qancha yo‘nalishlari — parrandachilik, quyonchilik, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik va ixcham issiqxona tashkil etishda foydalanish mumkin.

Maydoni 10 sotixdan ortiq tomorqa yer egalari va ijarachilar 50 million so‘mgacha garovsiz imtiyozli kredit olishi mumkin bo‘ladi. 10 sotixli ixcham issiqxonalar va baliq yetishtirish faoliyatini tashkil etish uchun 100 million so‘mgacha garovsiz mablag‘ ajratiladi.

Bunda tuman yoki shahar veterinariya bo‘limi tomonidan identifikatsiya qilingan (birkalash usuli) va “haqiqatdan yetkazib berilgan chorva mollari"ni (qoramol, qo‘y, echki) sotib olishga naqd pulda kreditlar ajratilishi mumkin.

Shuningdek, aholi tomorqasida biznesni yo‘lga qo‘yish uchun ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda tadbirkorlik qilishni istagan aholiga issiqxona qurish, chorva mollari boqish, tomorqaga mavsumiy ekinlar ekish uchun ham naqd pulda kreditlar ajratiladi. Buning uchun biriktirilgan bank va hokim yordamchisining ushbu tadbirlar amalga oshirilishi borasidagi kafilligi kerak.

2024-yil 1-yanvardan boshlab oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi kreditlar 3 yildan 4 yilgacha muddatga (ilgari 3 yilgacha) 6 oydan 1 yilgacha (ilgari 6 oygacha) imtiyozli davr bilan beriladi. Bunda stavka Markaziy bankning yillik asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori bo‘lishi belgilandi.

Imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada ajratiladi hamda oilaviy tadbirkorlik, muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan aholi va tadbirkorlarga 3 yildan 4 yilgacha (ilgari 3 yilgacha) muddatga 6−12 oylik imtiyozli davr (ilgari 3−6 oy) bilan beriladi.

Shuningdek, hokim yordamchisining tavsiyasiga ko‘ra qarz oluvchi tomonidan kartalarga o‘tkaziladigan 10 million so‘mgacha bo‘lgan kreditlarni naqdlashtirishga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi (hunarmandlar uchun — 20 million so‘mgacha).

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga Savdo-sanoat palatasi hamda Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda dasturlar doirasida kreditlar hisobiga mahsulot (xizmat)larning yetkazib berilishida shaffoflikni ta’minlash maqsadida “marketpleys” erkin savdo maydonchasida raqobat muhitini shakllantirish, narxlarning sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ta’minotchi korxonalar tomonidan mahsulot (xizmat)larning o‘z vaqtida va sifatli yetkazib berilishini ta’minlash yuzasidan kuchaytirilgan nazoratni amalga oshirish topshirildi.

2024-yil 1-iyuldan boshlab Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi vakolatli banklar bilan birgalikda mahallalarda kreditlarning maqsadli sarflanishini monitoring qilish, shuningdek, ularning samaradorligini baholash mexanizmini joriy etishi lozim.

1-apreldan boshlab “Hunarmandlikni rivojlantirish”, “Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash”, “Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash”, “Yoshlar — kelajagimiz” dasturlari doirasida mavjud va avval ajratilgan kreditlarni to‘lash hisobiga shakllanadigan mablag‘lar “Har bir oila — tadbirkor” dasturiga yo‘naltiriladi.

Dekabr oyida prezident “biznesga qadam qo‘yayotgan” yakka tartibdagi tadbirkorlarga kredit berish taklifini ma’qullagandi. O‘tgan yil oxirigacha O‘zbekistonda 2,4 million kishi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan. Imtiyozli kredit yillik 340 ming so‘m ijtimoiy soliq to‘langanidan keyin uning kartasiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.