5-aprel kuni O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, u muhim xomashyo sohasida barqaror qiymat zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha strategik sheriklikning boshlanishi bo‘ldi, deb xabar qildi YIning Toshkentdagi delegatsiyasi matbuot xizmati.

Memorandum Belgiyada O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Yevropa komissiyasi ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis tomonidan ma’qullandi.

“Ushbu kelishuv YI va O‘zbekistonda yashil hamda raqamli texnologiyalarga o‘tish uchun muhim xomashyoni diversifikatsiyalangan, barqaror yetkazib berish yo‘lidagi sezilarli qadamdir”, — deyiladi xabarda.

Muxim xomashyo — YI uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega, ammo manbalarning konsentratsiyasi va o‘rnini bosuvchi mavjud moddalarning yetishmasligi tufayli yetkazib berishda uzilish xavfi yuqori bo‘lgan minerallar. Bu xomashyolarga 34 turdagi metallar, minerallar va boshqa tabiiy materiallar kiradi, ulardan 17 tasi: mis, litiy, alyuminiy, titan, platina, grafit, nikel, kobalt va boshqalar strategik ahamiyatga ega.

Strategik sheriklik, memorandumga ko‘ra, hamkorlikning quyidagi yo‘nalishlariga qaratilgan:

  1. Muhim xomashyo uchun barqaror qiymat zanjirlarini integratsiyalash, shu jumladan, tarmoq yaratish, loyiha takliflarini oldindan ko‘rib chiqish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, qiymat zanjiri bo‘ylab savdo va investitsiya aloqalarini rag‘batlantirish va yengillashtirish;
  2. Muhim xomashyo yetkazib berish zanjirlarining mustahkamligini kuchaytirish va investitsiyalar, operatsiyalar hamda eksport choralari shaffofligini oshirish uchun muloqotga ko‘maklashish;
  3. Hamkorlik loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, toza energiyani rivojlantirish kabi muhim xomashyo qiymat zanjirlarini kuchaytirish uchun zarur bo‘lgan infratuzilmani yaxshilash;
  4. Barqaror va mas’uliyatli ishlab chiqarish hamda muhim xomashyo manbalarini ta’minlash uchun hamkorlik qilish;
  5. Tadqiqot va innovatsiyalar bo‘yicha hamkorlik, shu jumladan, muhim xomashyoni barqaror qidirish, qazib olish, qayta ishlash va qayta ishlatish bilan bog‘liq bilim va texnologiyalar almashinuvi;
  6. Tegishli me’yoriy hujjatlarga rioya etilishini ta’minlash, o‘qitish va ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun salohiyatni oshirishda hamkorlik qilish.

Memorandum imzolangandan keyingi navbatdagi qadam YI va O‘zbekistonning aniq harakatlarni o‘z ichiga olgan tezkor yo‘l xaritasini yaratish bo‘yicha birgalikdagi faoliyati bo‘ladi.

“Resurslarga boy O‘zbekiston bilan tuzilgan ushbu kelishuv YI uchun muhim xomashyoga juda zarur bo‘lgan yo‘lni ochishga yordam beradi. O‘zbekiston uchun bu iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va tog‘-kon sanoatini barqaror rivojlantirishga qaratilgan ambitsiyalarini amalga oshirish uchun jiddiy rag‘bat bo‘ladi”, — dedi Valdis Dombrovskis.

“Regulyatsiya qiluvchi organlar bilan hamkorlik, loyihalarni moliyalashtirish, tadqiqot va salohiyatni oshirishni birlashtirib, biz qadriyatlarimiz va yuqori standartlarimizni saqlab qolish va targ‘ib qilish bilan birga, yashil va raqamli texnologiyalarga o‘tishda materiallar xavfsizligini ta’minlash uchun yaxlit yondashuvni qo‘llaymiz”, — dedi YeKning ijrochi vitse-prezidenti.

Muhim xomashyo hamkorligi

“YI muhim xomashyoning qiymat zanjiri bo‘ylab tabiiy resurslarga boy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tarafdori”, — deyiladi xabarda.

YIning qayd etishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda muhim xomashyo zaxiralari bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi: mis, molibden va oltin.

“Mamlakatning tog‘-kon sanoati strategiyasi [O‘zbekistonning] ham mahalliy, ham xalqaro sanoat, ayniqsa, avtomobilsozlik va maishiy elektronika uchun muhim xomashyoni qayta ishlashni ko‘paytirish istagiga mos keladi”, — deya ta’kidlanadi YI xabarida.

Hamkorlik “Global darvoza” (Global Gateway) strategiyasiga mos keladi, bu YIning hamkor mamlakatlar ehtiyojlarini hisoblagan va ular uchun uzoq muddatli manfaatlarni ta’minlagan holda, butun dunyo bo‘ylab barqaror loyihalarga investitsiya kiritish bo‘yicha asosiy tashabbusi bo‘lib, bu orqali YI 2027-yilgacha 300 mlrd yevrogacha mablag‘ jalb etadi.

Hozirgi vaqtda YI Kanada (2021), Ukraina (2021), Qozog‘iston (2022), Namibiya (2022), Chili (2023), Argentina (2023), Zambiya (2023), Kongo Demokratik Respublikasi (2023) va Grenlandiya avtonom hududi (2023) bilan xomashyo sohasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.