Isroil hukumati G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazib berish uchun yangi yo‘nalishlar ochilganini e’lon qildi, deya xabar bermoqda Times of Israel Isroil bosh vazirining idorasi bayonotiga tayanib.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaro boshlanganidan beri ilk bor “Erez” nazorat-o‘tkazish punkti G‘azo sektorining shimoliy hududlari bilan chegarada ochiladi. Bundan tashqari, Isroil janubidagi Ashdod porti ham vaqtincha ochiladi.

Isroil, bundan tashqari, “Kerem-Shalom” o‘tkazish-nazorat punkti orqali Iordaniyadan kelayotgan yordam miqdorini oshirishga rozi bo‘ldi. Ushbu gumanitar marshrutlar aynan qachon ochilishi hozircha noma’lum.

“Yordam hajmini oshirish gumanitar inqirozning oldini oladi. Va jangovar harakatlarni davom ettirish hamda harbiy maqsadlarga erishishni ta’minlash uchun juda muhimdir”, — deya Isroil hukumati vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqdaTimes of Israel.

Isroilning bayonoti Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va AQSh prezidenti Jo Bayden o‘rtasidagi telefon suhbatidan bir necha soat o‘tib yangradi. Bu bayonot Isroil aviazarbalari oqibatida World Central Kitchen (WCK) gumanitar tashkilotida yetti nafar xodim halok bo‘lganidan keyin birinchisi bo‘ldi. Halok bo‘lganlar orasida Avstraliya, Polsha va Buyuk Britaniya fuqarolari ham bor.

Nashrning yozishicha, qo‘ng‘iroq chog‘ida Bayden agar Isroil anklavdagi gumanitar inqirozni bartaraf etish va ko‘ngillilarni himoya qilish choralarini ko‘rmasa, AQShning G‘azo sektoridagi urushga oid siyosati o‘zgarishi mumkinligidan ogohlantirgan.

  • 1-aprel oqshomida WCK tashkiloti ko‘ngillilari ketayotgan yordam karvoniga Isroil samolyotlari urilgan. Mashinalar gumanitar yordamni tushirayotgan paytda o‘qqa tutildi. Isroil WCK karvoniga qilingan hujumni “jiddiy xato” deb atagan va chuqurlashtirilgan tergov o‘tkazilishiga va’da bergan.
  • Avvalroq BMT G‘azoning shimoliy viloyatlarida yaqin ikki oy ichida ommaviy ocharchilik boshlanishini bashorat qilgandi. BMT rahbari buni “mutlaq texnogen falokat” deb atadi va Isroil hukumatini anklav aholisiga insonparvarlik yordamidan to‘liq foydalanish imkoniyatini berishga chaqirgan.