3-aprel kuni ertalab Tayvanda so‘nggi 25 yildagi eng kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat kamida to‘qqiz kishining umriga zomin bo‘ldi. 800 nafardan ortiq kishi jarohat oldi. Bu 23 mln aholisi bo‘lgan mamlakat uchun o‘lim soni nisbatan past bo‘lib, boshqa mamlakatlardagi, jumladan, rivojlangan mamlakatlardagi zilzila zararidan keskin farq qiladi. Jumladan, 2011-yilda Kraystcherchdagi (Yangi Zelandiya) zilzila 165 kishini, 2015-yilda Nepalda sodir bo‘lgan zilzila deyarli 10 ming kishini hayotdan olib ketgandi.

“Gazeta.uz” Reuters, AP va National Post agentliklari zilzilalarga moyil bo‘lgan Tayvanning tabiiy ofatga qanday dosh bera olgani haqida hikoya qiladi.

Nega Tayvanda tez-tez zilzilalar sodir bo‘ladi?

Tayvan oroli Tinch okeanining “olov halqasi” deb ataladigan seysmik faol zonada joylashgan. Bu Tinch okeanini o‘rab turgan seysmik yoriqlar chizig‘ida dunyodagi eng ko‘p zilzilalar sodir bo‘ladi.

Filippin va Yevrosiyo tektonik plitalarining o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga kelgan stress tufayli hududda zilzilalarga nisbatan zaiflik seziladi.

Tayvan zilzilalarga qanday tayyorlanmoqda

Tayvan rasmiylari chorshanba kungi 7,2 magnitudali zilzila bo‘lganini ma’lum qilgan bo‘lsa, AQSh geologik xizmati uning kuchini 7,4 ga baholagan. Yer silkinishlari orol bo‘ylab 125 taga yaqin binoni vayron qildi, ularning yarmi aholi siyrak tog‘li hudud — Hualiyen shahridadir. Shu bilan birga, poytaxt Taypey kuchli silkinishlar bo‘lganiga qaramay, ko‘p zarar ko‘rmadi.

Zilzila ertalabki tig‘iz vaqtda sodir bo‘lgan, biroq bu transport qatnovi to‘xtab qolishiga sezilarli darajada ta’sir qilmagan — bir necha daqiqa o‘tib, ota-onalar farzandlarini maktabga, ishchilar esa o‘z ofislariga ketayotgandi, deya qayd etadi AP.

“Tayvanning zilzilalarga ko‘rgan tayyorgarligi dunyodagi eng ilg‘or ko‘rsatkichlardan biridir. Orolda qat’iy qurilish qoidalari, jahon darajasidagi seysmologik tarmoq va seysmik xavfsizlik bo‘yicha keng qamrovli ta’lim kampaniyalari mavjud”, — deya ta’kidladi Missuri Fan va Texnologiya Universiteti (AQSh) professori, seysmolog va professor Stiven Gao.

Hukumat 1970-yillardan beri yangi va mavjud binolarning zilzilaga chidamliligi darajasini ko‘rib chiqmoqda va qurilish me’yorlarini kuchaytirmoqda. Shuningdek, binolarning zilzilaga chidamliligini tekshirishni istagan aholiga subsidiyalar taklif qilmoqda.

3-apreldagi fotosuratlar va videolarda Hualiyendagi binolar aqlbovar qilmaydigan darajada qiyshayib qolganini ko‘rish mumkin, deb yozadi National Post. “Binolar ko‘chalarga egilib qolgan, uning atrofida kichik vayronalar bor, ammo inshootning asosi buzilmagan, ularning atrofida kranlar va qutqaruvchilar turibdi. Derazalarga biriktirilgan konditsionerlarning aksariyati hatto buzilmagan”, — deb yozadi nashr.

1999-yilgi zilzila 4500 tadan ortiq binolarni vayron qilgandan so‘ng, Tayvan hukumati 1997-yilgacha qurilgan minglab jamoat binolarini tekshirib chiqdi va mustahkamladi. O‘shandan beri hukumat binolarni, jumladan, maktablar va xususiy uylarni mustahkamlash bo‘yicha bir qancha boshqa dasturlarni ham amalga oshirdi.

“Tayvan anchadan beri juda yuqori standartlardagi qurilishlar qiladi”, dedi (Kanada) Monrealdagi MakGill universiteti zilzila geologiyasi kafedrasi mudiri Kristi Rou. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu zilzilalar Tayvanda vayronagarchilikka sabab bo‘lgan bo‘lsa ham, buni boshqa bir mamlakatning xuddi shu kuchdagi zilziladan qanday azob chekishi bilan solishtirib bo‘lmaydi.

1999-yil 21-sentabrda yuz bergan zilzila Tayvan hukumati uchun favqulodda vaziyatlarni boshqarish qonunlarini kuchaytirishga turtki bo‘ldi, deb yozadi Reuters. Mamlakatda zilzilalarni muvofiqlashtirish va unga tayyorlanish bo‘yicha ikkita markaz tashkil etildi. 21-sentabrda butun mamlakat bo‘ylab tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari kuni o‘tkazildi. Odamlar mobil telefonlariga zilzila va sunami haqida yolg‘on signallar olgan, orol bo‘ylab maktablarda evakuatsiya mashg‘ulotlari o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, zilzila paytida ishlatiladigan ogohlantirish tizimi hukumat Xitoyning yaqinlashib kelayotgan havo hujumi haqida ogohlantirish uchun faollashtiradigan tizim bo‘lgan.

Mutaxassislarning fikricha, Tayvanga zilzilalar bilan kurashishda yordam beradigan yana bir omil — bunday vaziyatlarda o‘zaro yordam madaniyati. “Ular nima qilishni, bir-biriga qanday yordam berishni bilishadi. Hammaning tayyorgarligi bor: uyda nima qilayotganingizdan tortib, maktablar, munitsipalitetlargacha”, — deya ta’kidlaydi Rou.

Hualiyen okrugi rahbari Chang Dong-yao Reuters agentligiga bergan izohida favqulodda vaziyat yuzaga kelganda mahalliy hokimiyat organlarining hukumat idoralari bilan asosiy muvofiqlashuvini ta’kidlab o‘tdi. 2018-yilda 7 kishining hayotiga zomin bo‘lgan 6,4 magnitudali zilziladan so‘ng mahalliy hokimiyat idoralari tabiiy ofatlarga javob choralarini yaxshilash uchun davlat idoralari va nodavlat tashkilotlar bilan muvofiqlashtirishni kuchaytirdi, dedi u.

Bu safar okrug rasmiylari va politsiya boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda Hualiyen shahridagi zarar ko‘rgan hududlardan aholini evakuatsiya qilishga yordam berdi, shuningdek, shikastlangan binolarni tozaladi. “Har kim o‘z ishini qiladi. Viloyat hukumati va mahalliy ma’muriyat zararni imkon qadar kamaytirish uchun birgalikda harakat qildi”, — dedi Chang.