Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov mamlakatdagi mavjud fiskal qoidalarni, davlat tashqi qarzi bo‘yicha qoidalarni kengaytirish va takomillashtirish, kerak bo‘lsa, budjet taqchilligiga nisbatan ham fiskal qoidalarni ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidladi.

U bu haqda 2-aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida prezidentning “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishning 2024-yildagi ustuvor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda gapirib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Qarordagi barcha ustuvor yo‘nalishlardan eng asosiysi etib makroiqtisodiy barqarorlik belgilangan. Bungacha bo‘lgan va kelajakda bo‘ladigan barcha islohotlarning pirovard maqsadi aholining farovonligini yaxshilash hisoblanadi. Buning ikki asosiy poydevori esa makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va huquqiy davlatni qurish hisoblanadi. Bu ikki masala doim dolzarb bo‘lib keladi. Biz bu yo‘nalishda Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va boshqa tashkilotlar bilan ishlab kelamiz”, — dedi Timur Ishmetov.

Uning ta’kidalashicha, bu yil uchun eng asosiy masala makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va unga nisbatan ishonchni mustahkamlashda davom etish bo‘ladi.

“Bu yil budjetimiz taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz chegarasida tasdiqlangan bo‘lib, albatta, buni ta’minlashimiz kerak. Shu bilan birga, keyingi yillardan boshlab taqchillikni kamaytirib borish va mo‘’tadil darajada saqlab qolish uchun bu yil ham bir qator ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz”, — dedi prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari.

Timur Ishmetovning aytishicha, bu ishlarning birinchisi makro fiskal risklarni baholash hisoblanadi. Bu bo‘yicha Xalqaro moliya jamg‘armasi bilan bir qancha ishlarni amalga oshirilgan.

“Ularni yakunlab, nafaqat risklarni baholash, balki ularning ta’sirini yumshatish yuzasidan ham tegishli makromanyovrlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni boshlashimiz kerak bo‘ladi. 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyani ishlab chiqishda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash shartlarini ko‘rsatish ham rejamizda bor. Bu yil 2025−2030-yillarga mo‘ljallangan Davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini ishlab chiqishni ham rejalashtirganmiz”, — dedi u.

Timur Ishmetov kutilayotgan natijalarga to‘xtalib, strategiyalar qog‘ozda qolib ketmasligi lozimligini, bu orqali budjet xarajatlari samaradorligini oshirish hamda 2025-yilga kelib budjet taqchilligi YAIMga nisbatan 3 foizga tushirish, kelgusi yillarda esa shu ko‘rsatkichdan oshirmaslik maqsad qilinishi kerakligini ta’kidladi.

“Mavjud fiskal qoidalar — davlat tashqi qarzi bo‘yicha qoidalarni kengaytirish va takomillashtirish, kerak bo‘lsa, budjet taqchilligiga nisbatan ham fiskal qoidalarni ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo‘lardi”, — dedi u.

Prezident maslahatchisi o‘rinbosari, shuningdek, budjet daromadlari masalasiga ham to‘xtaldi.

“Daromadga keladigan bo‘lsak, Xalqaro moliya jamg‘armasi bilan amalga oshirgan ishlarimiz yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda soliqlar tushumlarini oshirish imkoniyati borligi, soliq bazasini kengaytirish va soliq ma’murchiligini yaxshilash hisobiga o‘rta muddatda yiliga YAIMning bir foizi miqdorida qo‘shimcha tushumlarni ta’minlash mumkinligi ma’lum bo‘ldi”, — dedi Ishmetov.

Uning aytishicha, 2025−2030-yillarga mo‘ljallangan Davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasida bunga erishish uchun har yili qanday vositalar qo‘llanilishi qayd etib o‘tilishi kerak bo‘ladi.

Natijaga yo‘naltirilgan budjetlashtirish bo‘yicha ayrim yo‘nalishlarda pilot loyihalar boshlangan. Mazkur strategiya orqali 2026, uzog‘i bilan 2027-yilga kelib davlat budjetini to‘liqligicha natijaga yo‘naltirilgan budjetlashtirishga o‘tkazish maqsad qilingan. Davlat moliya statistikasi ham 2026−2027-yillarga kelib to‘liq xalqaro standartlarga o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, Timur Ishmetov davlat xaridlari masalasiga ham to‘xtalib, keyinchalik barcha davlat xaridlari tender ko‘rinishida o‘tkazilishiga erishish kerakligini qayd etdi.

“So‘nggi masala — davlat xaridlari. Bu yo‘nalishda, bir tomondan, budjet xarajatlari samaradorligini oshirish mumkin. Ikkinchidan, katta bozor bo‘lgani va katta mablag‘ ishlatilgani tufayli xususiy tadbirkorlarning davlat xaridlarida qatnashish imkoniyatini oshirish orqali ularga ham keng imkoniyatlar yaratsa bo‘ladi. Qatnashish imkoniyatini oshirish deganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirilayotgan xaridlar ulushini doimiy kamaytirib, keyinchalik barcha davlat xaridlarini tender ko‘rinishida o‘tkazishimiz kerak bo‘ladi”, — dedi prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari.

“Ta’kidlab o‘tmoqchimanki, bu birgina yo‘nalish bo‘lgani bilan, qolgan barcha 9 ta yo‘nalish ham pirovard maqsadida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga olib keladi. Bir tomondan, bu islohotlarni amalga oshirish uchun bizga makroiqtisodiy barqarorlik, moliyaviy intizom kerak bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu islohotlarning ijobiy amalga oshirilishi ham iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shadi”, — deya so‘zini yakunladi Timur Ishmetov.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti defitsiti rekord daraja — 59 trln so‘mni tashkil etib, avvalgi yillardagi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori bo‘ldi. O‘tgan yil oxirida hukumat xarajatlar chegarasini ushlab turolmagani sababli parlament orqali limitni oshirgandi.