27-mart kuni Toshkent viloyati Bekobod tumanida o‘zini 5-qavatdan tashlab vafot etgan ayol yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

4-aprel kuni Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, jinoyat ishi doirasida marhuma ayolning turmush o‘rtog‘i protsessual tartibda ushlandi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, tumanning Dalvarzin mahallasida yashagan 28 yoshli N.X. eri bilan navbatdagi janjal vaqtida o‘zini ko‘p qavatli uydan tashlab, joniga suiqasd qilgan. Qo‘shnilar u pastga tushib ketishi oldidan “yashashni istamayman, kaltaklaringdan to‘yib ketdim”, deya baqirganini eshitgan.

Ayolga uch marta, so‘nggi bor 6-mart kuni himoya orderi berilgan. Unda keltirilishicha, tazyiq o‘tkazilgan yoki zo‘ravonlik sodir etilgan taqdirda er va ayolning bir xonadonda bo‘lishi taqiqlangan.