Farg‘ona viloyati Quva tumani tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limida yangi tug‘ilgan chaqaloq polisintetik xaltaga solinib, yerga tashlab qo‘yilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, 2005-yil Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tug‘ilgan D.U. ismli ayol 31-mart kuni tug‘uruq bo‘limiga “Homiladorlik-1, tug‘uruq-1, 28 hafta, erta tug‘ish xavfi” tashxisi bilan murojaat qilgan.

SSVning ma’lumot berishicha, bemor homiladorlik bilan Toshloq tumanida dispanser nazoratida turmagan va homilani yashirib yurgan. Tug‘uruq 1-aprel kuni soat 08:45 larda amalga oshirilgan.

Shu kuni soat 17:00 larda chaqaloqning ahvoli og‘irlashib, unda biologik o‘lim holati kuzatilgan. Uning o‘limiga muddatidan oldin (7 oylik) tug‘ilgani sabab bo‘lgan.

Holat vazirlik nazoratiga olinib, tegishli ishchi guruh Farg‘ona viloyatiga yuborilgan. Huquq-tartibot organlari tomonidan surishtiruv ishlari ham olib borilmoqda.