“Gazeta.uz” bir oy avval YouTube’dagi o‘zbekistonlik kontent mualliflari tomonidan 2024-yil fevral oyida tayyorlangan videolarning sarhisobi tayyorlagan edi. Tahririyat oyma-oy sarhisob berish an’anasini davom ettiradi.

Quyida mushtariylar e’tiboriga havola etilayotgan videolar tahririyat tavsiyasi emas. Bunda aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil mart oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olingan. Ayni vaqtda, fursatdan foydalanib, “Gazeta.uz”ning o‘zbek va rus tahririyatlari tomonidan mart oyida tayyorlangan videokontentni ham yana bir bor eslatib o‘tishni joiz deb bildik.

“Gazeta.uz” e’lon qilgan videolar

“Mifonomika”. Kino davlat pulisiz yasholmaydi

“Mifonomika” loyihasi turli soha vakillari bilan odamlar orasida iqtisodiyot haqida tarqalgan miflar va yanglish tasavvurlarni muhokama qilishga qaratilgan. Loyihaning 8-sonida kinorejissor Sarvar Karimov bilan “Kino davlat pulisiz yasholmaydi” degan mif haqida gaplashildi.

Buxorodagi “snos”lar va bo‘lajak qurilishlar haqida odamlar qanday fikrda?

Buxoro shahrining tarixiy qismiga tutash salkam 33 gektar maydonda “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki qurilishi rejalashtirilgan. “Gazeta.uz” Buxoroda bo‘lib, shahar markazida olib borilayotgan buzish ishlari va qurilishi rejalashtirilgan yangi loyiha haqida aholi fikrini o‘rgandi.

“Oy materiali”. Yangiliklar — OAVning qon-tomiri

“Gazeta.uz”ning o‘zbek tahririyati “Oy materiali” loyihasini davom ettirmoqda. Bu safar ham aniq materialning yozilishi tarixi haqida emas, balki har qan nashrning “qon-tomiri” hisoblangan yangiliklar qanday tayyorlanishi haqida fikr podkastlashildi — “Gazeta.uz”ning yangiliklar bo‘limi muharrirlari Elshod Salimov va Nurulloh Sharif o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Vazir bilan avtobusda suhbat: Jamoat transportini rivojlantirish, tariflar va tramvayning qaytishi

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov 29-mart, juma kuni — “Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida — ishga avtobusda bordi. Unga “Gazeta.uz” muxbiri Shuxrat Latipov hamrohlik qildi. Taxminan bir soat davom etgan yurish davomida vazir jamoat transporti sohasidagi muammolarga oid savollarga javob berdi, yangilik va rejalar haqida gapirdi.

Ramazon oyida sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar

Ramazon paytida haddan tashqari ko‘p ovqat yeyish yoki noto‘g‘ri ovqatlanish inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ro‘za paytida sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha maslahatlar bilan bo‘lishib keladi. “Gazeta.uz” ularni taqdim etadi.

Bir tom ostidagi hamkorlarimizning materiallari

Afisha.uz. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dan “Tangalik bolalar”gacha: Muhammadjon Rahimov bilan intervyu

1984-yilda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad va O‘zbekiston san’at arbobi Melis Abzalov hamkorligida yaratilgan “Kelinlar qo‘zg‘oloni” filmi haligacha tomoshabinlar ko‘nglida yashamoqda. Mazkur film nafaqat o‘z g‘oyasi, balki aktyorlar jamoasi bilan ham odamlar yodida qolgan. Undagi har bir aktyor o‘z rolini maromiga yetkazib ijro etgan. Ayniqsa, Abbos ismli bolakay va u aytgan so‘zlar hamon tillardan tillarga o‘tib kelmoqda. O‘sha Abbos — aktyor Muhammad Rahimov Afisha.uz mehmoni bo‘ldi. U kinodagi faoliyatini qanday boshlagani, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”ning suratga olish jarayonlari, nega kino bilan jiddiy shug‘ullanmay, boshqa sohaga o‘tib ketgani haqidagi savollarga javob berdi.

Spot. Bon asoschisi o‘zi bilan nimalar olib yuradi?

Spot’ning tadbirkorlar va top-menejerlar ish faoliyatlari davomida nimalardan foydalanishlari haqida ma’lumot beruvchi “Ryukzakda nima bor?” nomli loyihasi bor. Loyihada “Bon!” qahvaxonalar tarmog‘i asoschisi Behzod Ashurov mehmon bo‘ldi va ish faoliyati davomida asosan nimalardan foydalanishi haqidagi savollarga javob qaytardi.

Boshqa mualliflar e’lon qilgan videolar

Endi boshqa mualliflar e’lon qilgan videokontentlarga o‘tsak. Bunda, yuqorida qayd etilganidek, aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube-loyihalardan ayrimlarining 2024-yil mart oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olindi.

Jahongir Latipov. O‘zbek milliarderi Jahongir Ortiqxo‘jayev

Fevral oyida “Lolazor” podkastining 11-sonida ko‘rinish bergan tadbirkor va sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev mart oyida bloger Jahongir Latipovning Yutub-loyihasida chiqish qildi. O‘tgan oyda bo‘lgani kabi, Ortiqxo‘jayev bilan e’lon qilingan video bu safar ham O‘zbekiston YouTube segmenti uchun asosiy voqelikka aylandi: to‘rt soatdan ortiq davom etgan suhbatning ko‘rishlar soni 4 kunda 2,5 milliondan oshdi.

“subyektiv”. Dunyodagi eng mensilmagan davlat — Afsonaviy Vetnam

“subyektiv” loyihasi ijodkorlari Vetnamga uyushtirilgan sayohat taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Kulgilektual shou”. Muhammadiso Abdulxairov, Elmurod Haqnazarov, Teacher A’zam, Ozod Shukrulloyev

“Kulgilektual shou” — kulgili va intellektual shousining 22-sonida Muhammadiso Abdulxairov, Elmurod Haqnazarov, Teacher A’zam va Ozod Shukrulloyev mehmon bo‘ldi. Ishtirokchilar boshlovchi Nozim Safarining qiziqarli va mantiqiy savollariga to‘g‘ri yoki kulgili javob berishi kerak. To‘g‘ri javob uchun 2, kulgili javob uchun 1 balldan beriladi. Eng ko‘p ball to‘plagan mehmon yakunda pul mukofotiga ega bo‘ladi.

“NmaGap”. [SUHBAT] “Hammasi shaxsiy fikr, fatvo berib qo‘ymoqchimasman!” Xayrulla Hamidov

“NmaGap” loyihasining bu sonida jurnalist va futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov mehmon bo‘ldi.

Kunduziy. 2018 — eng zo‘r yil

Bloger Kunduziyning yillar tarixiga bag‘ishlangan turkum videolarining navbatdagisi 2018-yil haqida bo‘ldi. U ushbu turkum videolarida ma’lum bir yilda sodir bo‘lgan eng muhim voqea-hodisalar, chellenjlar, kino, musiqa, memlar va boshqalarni yodga oladi.

“Tungi qahramon”. Konsta va Mirshakar Fayzulloyev

Mirshakar Fayzulloyevning “Tungi qahramon” ko‘rsatuvida bu safar reper Konsta mehmon bo‘ldi.

“Fikr yetakchilari”. Siyosatga aralashma, Putinning safdoshlari, blogerlarga cheklov, kim bizni aldamoqchi? — Hamid Sodiq

“Fikr yetakchilari” podkastining 7-sonida siyosatshunos Hamid Sodiq mehmon bo‘ldi. Qayd etish joiz, oy davomida iqtisodchi Otabek Bakirov ham podkast mehmoni bo‘ldi.

“102 tv”. Sherzodxon Qudratxo‘ja — Tarixiy intervyu

Sherzodxon Qudratxo‘ja bu oyda “102 tv” loyihasida mehmon bo‘ldi. Ma’lumot uchun, oy davomida kanalda biznesmen Alisher Isayev bilan ham suhbat e’lon qilindi.

“U kim edi?”. Birinchi o‘zbek millioneri | Mirkomilboy | U kim edi? | Alimoff

Bloger Nurbek Alimov o‘zining “U kim edi?” loyihasida Mirkomil boy shaxsiyatini yaqindan tanishtirishga harakat qildi. Oy davomida “U kim edi?” loyihasida Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Margaret Tetcher haqida ham video e’lon qilindi.

“Pakapak”. Bu nima o‘zi? Kimga kerak? Arziydimi? — Apple Vision Pro

Apple Vision Pro o‘zi nima? U nimalar qila oladi? Sotib olishga arziydimi? “Pakapak” shunday savollarga javob qidirgan.

“Markaziy sektor”. Davron Ahmedov — Kuper va futbolchilar o‘rtasida Falastindagi o‘yindan oldin sovuqlik his qilganman

“Markaziy Sektor” loyihasining 3-son podkastida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi tarjimoni Davron Ahmedov mehmon bo‘ldi. Davron Ahmedov milliy terma jamoaning argentinalik sobiq bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan munosabatlari, Kataloniyadagi o‘qishini tashlab kelgani, Osiyo kubogi-2023da jamoa ichkarisida qanday muhit bo‘lgani, milliy terma jamoaning hozirgi bosh murabbiyi Srechko Katanets matbuotni o‘qimasligi va boshqa mavzular haqida suhbatlashilgan. Ma’lumot uchun, kanalda oy davomida futbol agentlari va futbol sharhlovchisi Davron Fayziyev bilan ham suhbatlar e’lon qilindi.

“Asoschilar”. Sun’iy intellekt ish o‘rinlarini egallamoqda

“Asoschilar” podkastining navbatdagi soni mehmoni Express 24, MyTaxi, Workly, Impact coworking zone kompaniyalari asoschisi Akmal Paiziyev bo‘ldi.

“Uchadi — uxladi”. Mahalliy brendlar katta raqobatga tayyormi? Feed up — UMID IRGASHEV

“Uchadi uxladi” podkastining 4-sonida aktyor va tadbirkor, Feed up brendi asoschisi Umidjon Irgashev mehmon bo‘ldi. Podkast davomida Jahongir Ortiqxo‘jayev qanday qilib Feed up egalaridan biriga aylangani, xalqaro brendlarning kirib kelishi O‘zbekiston bozoriga qanday ta’sir qilishi, “Taksi” filmi yulduzi bilan suratga olingan reklama roligi tarixi, O‘zbekistondagi eng katta fast-fud tarmog‘i haqida gap boradi.

“Qurultoy”. O‘zbeklar “o‘ziga beklar”mi yoki “subeglar”mi? Maxsus son

“Qurultoy”ning maxsus sonida “o‘zbek” atamasi (etnonimi)ning kelib chiqishi bilan bog‘liq yangi faraz, to‘g‘rirog‘i, yangi tadqiqotga bag‘ishlandi. Unda professor G‘aybulla Boboyorov va tarix fanlari doktori Farhod Maqsudov “o‘zbek” atamasining kelib chiqishiga doir yangi tadqiqot natijalari va farazlari bilan o‘rtoqlashadi.

“Magnit”. Nega sizning pullaringiz aslida pul emas?

“Magnit” loyihasining navbatdagi sonida pul haqida gap boradi. Ko‘rsatuv barter qanday paydo bo‘lgani, tovar pullar nima ekani, nega odamlar ulardan voz kechgani, tangalar davrining boshlanishi, sigaretalar pul o‘rnida ishlatilgani, qog‘oz pullar paydo bo‘lishining sababi haqida ma’lumot beradi.

“Susambil”. Rosomaxa — eng mashhur Iks-odam hikoyasi va u ishtirokidagi filmlar tahlili

“Susambil”ning mazkur sonida X-odamlar olamidagi eng mashhur mutant — Rosomaxaning qahramon sifatida bosib o‘tgan yo‘li hamda u ishtirokidagi filmlari batafsil tahlil qilingan.

Uzbekonomics. Shahar ichidagi universitetlar, xususiy universitetlar nazorati va amaliyotchilar maoshi

Ushbu epizodda podkast mualliflari, iqtisodchilar Botir Qobilov va Behzod Hoshimov uchta, lekin o‘zaro bog‘liq bo‘lgan mavzular haqida suhbatlashdi va munozara qildi: 1) Nima uchun universitetlar shaharlar ichida bo‘lishi kerak? 2) Xususiy universitetlar ko‘payishi nima uchun yaxshi jarayon va ularning sifatiga kim yaxshiroq baho bera oladi? 3) Mehnat bozorida amaliyot o‘tayotgan stajyorlar uchun ish beruvchilar maosh to‘lashlari kerakmi yoki bepulga ishlashlari to‘g‘rimi? Ish beruvchi davlat bo‘lsa yoki xususiy biznes bo‘lsa-chi?

“Olmoniston”. Ikki fuqarolik, davlat xizmatlari va migratsiya

Loyihaning bu galgi sonida podkast muallifi Renat Ro‘ziyev uzoq yillardan beri Germaniyada yashab kelayotgan o‘zbekistonliklar — Shahboz Hayitov va Bobur Hakimovlar bilan suhbatlashdi.

Gashtak. Nodirjon Nuritdinov — 20 yil deganda O‘zbekistonga qaytdim, lekin bo‘lmadi

Nafaqat AQSh yo Germaniyadagidagi, balki Buyuk Britaniyadagi vatandoshlar ham podkast tayyorlamoqda. Chunki Tumanli Albionda ham o‘zbekistonliklar ko‘paymoqda. Otabek Nuritdinov va Murodjon Qahramonov muallifligidagi “Gashtak” podkastida mart oyi davomida oshpaz Bahriddin Chustiy va advokat Dono Karimova bilan suhbatlar uyushtirildi. Eng ko‘p ko‘rishlarni esa Otabek Nuritdinovning o‘z akasi Nodirjon Nuritdinov bilan bo‘lgan suhbati to‘pladi.

“Tasvir”. Kabutardek sodda bo‘l, ilondek ziyrak bo‘l…

Youtube’ning O‘zbekiston segmentida umumiy mavzulardan tashqari, aynan bir yo‘nalish, mavzuga ixtisoslashgan loyihalar ham ko‘paymoqda. Fotograf Muhiddin Alining yaqindan boshlab yo‘lga qo‘yilgan “Tasvir” podkasti bunga misol bo‘la oladi. Podkastning mart oyida chiqqan quyidagi sonida operator Jahongir Ibragimov mehmon bo‘lgan.

“CC podkast”. Samimiy suhbat

Yangi podkastlar paydo bo‘lishda davom etmoqda. Sodiq School xususiy ta’lim muassasasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “CC podkast”ning 1-sonida ona tili va tilshunoslik orasidagi farq, darsliklar, davlat tili, alifbo va yozuv turlarining o‘zgarish tarixi hamda oqibatlari, yangi lotin alifbosi islohi haqida suhbat bo‘lgan. Ko‘pchilik xato qiladigan “x” va “h” masalasida munozara uyushtirilgan. Spikerlar sifatida muharrir Orif Tolib, ona tili darsliklari mualliflari va Sodiq School o‘qituvchilari Mansur Siddiqov hamda Shokir Tursun, shuningdek, Sodiq School asoschisi Hasanxo‘ja Muhammad Sodiq qatnashgan.

Radio Guys. “subyektivning obyektivi” — Amerika vizasi, “subyektiv” loyihasi va o‘zbekona to‘y haqida

Radio Guys — 2024-yil mart oyida ishga tushgan yangi podkastlardan biri. Uning 2-sonida fotograf, videooperator, “subyektiv” loyihasining “obyektivi” hisoblangan Muhammadjon G‘aniyev mehmon bo‘ldi. Podkastda Amerika vizasi, o‘zbekcha to‘y va umuman “subyektiv” loyihasi haqida so‘z boradi.

+1 podkast. Nega atrofda “g‘alati” insonlar ko‘paygan?

Mart oyida “tug‘ilgan” yana bitta podkast — nomini ham o‘zbekchasiga “Yana bir podkast” deb aytish mumkin. Loyihaning 2-sonida muallif Visola Qarshiboyeva oliy toifali shifokor, psixoterapevt va narkolog Gavhar Darvish bilan jamiyatdagi tushkunlik kayfiyati sabablari, yashirin depressiya qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi va ruhiyatdagi buzilishni nima uchun psixolog davolay olmasligi haqida gaplashgan. Podkastning 1-sonida esa oiladagi inqiroz mavzusi muhokama qilingan edi.

“Oddiy podkast”. AyTida tarjimonlik, SI modellariga o‘zbekcha o‘rgatish, Uzum.uz

Muntazamligi bo‘yicha eng barqaror podkastlardan biri hisoblangan “Oddiy podkast”ning 22-sonida dasturchi, Google’ning o‘zbek tilida “gapirishi”ga mas’ullardan biri To‘lqin Yusupov mehmon bo‘ldi. Podkastda sun’iy idrok mavzusiga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.

Siz-chi, qaysi loyihalarni kuzatib borasiz?

Keyingi sarhisobda yana qaysi loyihalar e’tiborga olinishi kerak deb o‘ylaysiz? Bu haqda Telegram’dagi botimiz orqali bizga yozing: @GazetauzFeedbackBot.