3-aprel kuni Samara-Chimkent trassasining Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Marjonbuloq qishlog‘idan o‘tgan qismida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabarlarini chop etuvchi Telegram`dagi Polisia.kz kanali xabar berdi.

YTHda Volvo yuk mashinasi va O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvidagi Toyota-Alhpard mikroavtobusi ishtirok etgan. Hodisa oqibatida mikroavtobus haydovchisi va uning yetti nafar yo‘lovchisi (barchasi O‘zbekiston fuqarolari) voqea joyida halok bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, harakat vaqtida yuk mashinasining shinasi yorilib ketgan, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va u yerda to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

YTH yuzasidan dastlabki tergov harakatlari boshlandi. Tegishli ekspertiza tayinlandi, deyiladi xabarda.