Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudi sudyasi firibgarlik va poraxo‘rlik moddalari bo‘yicha jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar berdi.

3-aprel kuni kengash bosh prokurorning taqdimiga binoan sudya Sh. A.ni sudyalik vakolatidan mahrum etgan holda jinoiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28/211-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Tergov siri va aybsizlik prezumpsiyasi talablaridan kelib chiqib, boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, — deyiladi xabarda.

Advokat Abdumalik Abdullayevning aytishicha, sudya go‘yoki 16 ming dollar evaziga ma’lum bir ishni ijobiy hal etishda yordam berishni va’da qilgan va bu natija bermagach, u ukasi orqali 15 ming dollarni qaytarayotgan paytida u ham tezkor tadbirda ushlangan.