Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi sessiyasida Yunusobod tumanidagi davlat muassasalarining eski binolarini tadbirkorlik loyihalari uchun berishni taklif etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

“Yunusobod poytaxtning eng qulay qismida joylashgani uchun kredit olmasdan, o‘z sarmoyasini kiritib, ish o‘rni yaratishga intilayotgan tashabbuskorlar juda ko‘p. Lekin ularni eng qiynaydigan masala — tumanda bo‘sh joy topish”, — deya prezidentning so‘zlarini keltiradi uning matbuot kotibi.

“Amir Temur shoh ko‘chasi so‘nggi yetti yilda tadbirkorlar uchun eng jozibador ko‘chaga, hududning o‘sish nuqtasiga aylandi. Lekin ko‘chaning 6 kilometr qismida eskirgan qiyofadagi 3−4 qavatli 8 ta davlat idoralari joylashgan”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Bu binolarni yerosti avtoturargohi bor ko‘p qavatli savdo, xizmat va ovqatlanish obyektlari, ofis va mehmonxona shaklida qayta qurish sharti bilan loyihalar amalga oshirilsa, tadbirkorlar va ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish mumkin”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, shunday loyihalarni bank filiallari o‘rnida hamda davlat tashkilotlari egallab turgan 24,5 gektar negizida ham amalga oshirish mumkin.

Amir Temur shoh ko‘chasi bo‘ylab (Amir Temur maydonidan katta halqa yo‘ligacha) FHDYO arxiv binosi, tuman soliq bo‘limi, Majburiy ijro byurosi, Yunusobod tumani hokimligi, Toshkent moliya instituti (Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan birlashmoqda) va boshqa obyektlar joylashgan.