Xusen Mirzayevich To‘xtayev Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

To‘xtayev 1986-yil 30-iyulda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetining bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomlagan.

Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi: milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi.

Turli yillarda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hududiy yetakchisi lavozimida ishlagan. Mazkur tayinlovga qadar, 2020-yildan buyon Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.

2023-yil iyun oyida Xusen To‘xtayev mehnat qonunchiligini buzgani uchun 1,65 million so‘m jarimaga tortilgandi. U dam olish kunlarida qo‘ng‘iroqlariga javob bermagani uchun xodimlarga tushuntirish xati yozishni buyurgan.