Turkiyadagi munitsipal saylovlarda muxolifatchi Respublika xalq partiyasi (CHP) hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) nomzodlarini ortda qoldirib, g‘alaba qozondi.

31-mart kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, CHP 37,74 foiz, AK Parti esa 35,49 foiz ovoz oldi. Muxolifat nomzodlari mamlakatning barcha yirik shaharlarida, jumladan, Anqara, Istanbul, Izmir, Bursa, Antaliya va boshqalarda g‘alaba qozondi.

Anqara shahrining amaldagi meri, CHP`dan nomzod sifatida qatnashgan Mansur Yavash o‘z o‘rnini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. U saylovda 60,35 foiz, hukmron partiya nomzodi Turgut Altinok esa 31,69 foiz ovoz olgan.

Istanbulda ham amaldagi shahar meri va CHP nomzodi Ekrem Imomo‘g‘li g‘alaba qozondi. Siyosatchi 51,09 foiz, uning AK Parti`dan raqibi Murat Kurum esa 39,59 foiz ovoz olgan.

Yavash va Imomo‘g‘li 2028-yilgi saylovlarda prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rilmoqda, deya qayd etdi BBC.

Saylovlar prezident Rajab Toyyib Erdog‘an va uning Adolat va taraqqiyot partiyasi uchun so‘nggi 20 yildagi eng yomon mag‘lubiyat bo‘ldi va Turkiyaning siyosiy landshafti o‘zgarayotganidan darak berishi mumkin, deya qayd etdi Reuters.

Erdog‘an ovoz berish natijalarini izohlar ekan, hukmron partiya kutilgan natijalarga erisha olmaganini tan oldi. “Bu saylovda g‘olib — saylovchilarning siyosiy qarashlaridan, qat’i nazar, demokratiya, millat irodasi”, — dedi u Anqaradagi chiqishida.

Erdog‘an o‘zi va uning partiyasi iroda ifodasi bo‘lgan natijalarni inkor etmasligini aytib, o‘zi rahbarlik qilayotgan AK Parti kelasi to‘rt yil ichida iqtisodiy muammolardan va zilziladan zarar ko‘rgan hududlarni tiklash kabi “shoshilinch masalalar”ni hal etish ustida ishlashni rejalashtirganini ta’kidladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, AK Parti mag‘lubiyatining asosiy sabablaridan biri iqtisodiy taranglik, jumladan, deyarli 70 foizlik inflyatsiya va o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi bo‘ldi, deb yozadi Reuters.