Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi jamoatchilikni mamlakatning “madaniy merosini asrab-avaylash jarayonlariga daxldor” bo‘lishga va binolardagi himoya hamda muhofazaga muhtoj mozaika va pannolarning joylashuvi haqida xabar berishga chaqirdi.

Mozaikaning surati va joylashuvini mosaic@acdf.uz elektron manziliga yuborish mumkin.

Mart oyi oxirida hukumat qarori bilan Toshkent shahri va viloyatlar binolaridagi 160 ga yaqin mozaik pannolar Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgandi.

Reyestrni to‘ldirishdan ko‘zlangan maqsad mozaika, panno va tasviriy san’at asarlarini har tomonlama o‘rganish, asrab-avaylash va ulardan oqilona foydalanish, shuningdek, ularning mamlakat turizm salohiyatini rivojlantirishdagi rolini oshirishdan iborat.

Bungacha ko‘plab mozaikalar bo‘yab tashlangan, qolganlari esa reklama bannerlari bilan qoplangan edi.