Yangilik 2-aprel kuni soat 9:00 da yangilandi.

Energetika vazirligi ayrim metan yoqilg‘i quyish shoxobchalarida gaz belgilangan 3350 so‘mlik limitdan yuqori narxda sotilayotganiga izoh berdi. 1-aprel kuni internetda ba’zi AGTKSHlar gazni 3800 so‘mdan sotayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Farg‘ona shahridagi AGTKSHda narxlarning oshirilishi kuzatilgani aniqlanib, tushuntirish ishlari olib borilgan va gazning 3350 so‘mdan sotilishi ta’minlangan. Surxondaryo va Andijondagi ikkita AGTKSHda ham shunday holatlar kuzatilgan.

“Agar siz bugun bir kubometr siqilgan gaz uchun 3350 so‘mdan ziyod miqdorda haq to‘lagan bo‘lsangiz, qo‘lingizdagi to‘lov chekini o‘sha zapravkaga olib borib, ortiqcha to‘langan pulni talab qilishga haqqingiz bor”, — deya ta’kidladi Energetika vazirligi.

Eslatib o‘tamiz, 30-mart kuni Vazirlar Mahkamasi yengil avtomobillar uchun metanning eng baland chakana narxini ikki oyga uzaytirgan edi. Bir kubometr uchun maksimal narx 3250 so‘mdan 3350 so‘mgacha oshirilgan.

“Shu o‘rinda AGTKSH mas’ullaridan ushbu qaror talablariga qat’iy rioya qilgan holda faoliyat yuritishlarini, aks holda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda noqonuniy faoliyatga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

AGKTSHlarda tabiiy gaz asossiz ravishda qimmat narxlarda sotilayotganiga guvoh bo‘lgan fuqarolardan quyidagi manzillarga murojaat qilish so‘raladi:

  • Bosh prokuraturaning Telegram`dagi @Energonazorat boti va telefoni: 71−232−10−07;
  • “O‘zenergoinspeksiya"ning Telegram`dagi @energoInspeksiya_bot boti va telefoni: 71−200−02−86;
  • Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining telefoni: 71−207−47−00.

30-mart kuni Vazirlar Mahkamasi yengil avtomobillar uchun metanning maksimal chakana narxini ikki oyga uzaytirgandi. Bir kubometr uchun chegara narxi 3250 so‘mdan 3350 so‘mgacha ko‘tarilgan.