O‘tgan haftada bir qator ommaviy axborot vositalari va blogerlar 1-apreldan boshlab O‘zbekistonga avtomobillarni olib kirish tartibi qat’iylashtirilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berdi. Kun.uz nashri “Rastamojka” Telegram kanaliga tayanib bergan xabarida o‘zgartirishlar hukumat topshirig‘i bilan kiritilayotgani, lekin xabar rasman tasdiqlanmagani aytiladi.

“Gazeta.uz”ga ma’lum bo‘lishicha, bunday topshiriq 25-martda berilgan. Hujjat bilan Texnik jihatdan tartibga solish agentligining 19-martdagi xatida keltirilgan takliflarga rozilik berilgan.

Agentlik transport vositalarini realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari transport vositasi turini ma’qullash hujjatini rasmiylashtirish jarayonidan qochib, bir turdagi transport vositasining har birini boshqa jismoniy shaxslar nomiga o‘tkazgan holda (Bojxona kodeksining 96-moddasi) muomalaga chiqarib, ichki bozorda realizatsiya qilayotganini ta’kidlagan.

Tashkilot buni bartaraf etish, transport vositalarining importini “tartibga solish” uchun quyidagilarni taklif qilgan:

  • turini ma’qullash hujjati yoki muvofiqlik sertifikatini qo‘llash va muvofiqlik belgisidan foydalanish huqukini arizachi (muvofiqlik sertifikatining egasi) boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga berishini man etish.
  • 2024-yil 1-apreldan bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarni boshqa shaxsga o‘tkazish normasini avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etmaslik va bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan avtotransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazishni ta’qiqlash;
  • respublikaga import qilingan yangi avtotransport vositalarining reglament talablariga to‘la muvofiqligi baholanib, turi ma’qullangandan keyin muomalaga chiqarish (bunda, bir kalendar yili davomida o‘z ehtiyoji uchun olib kelingan bir birlikdagi avtotransport vositasi mustasno).
  • respublikaga import qilingan yangi avtotransport vositalarini sotish faqat yuridik shaxslar — ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirish tizimini qayta tiklash.

Agentlik xatida yana yengil toifadagi avtotransport vositalarini chet eldan import qilish hamda ularning sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarining muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha quyidagi normativ-hukukiy xujjatlar ishlab chiqilgani aytiladi:

  • yangi xorijiy avtomobillar O‘zbekistonda faqat yuridik shaxslar — ishlab chiqaruvchi korxonalarining rasmiy dilerlari tomonidan sotilishi tartibini tiklash bo‘yicha (bu qoida 2023-yil 1-yanvardan bekor qilingandi, shundan so‘ng jismoniy shaxslar import avtomobillarni mamlakatga olib kirish va sotish imkoniyatiga ega bo‘ldi, bunday avtomobillar esa, o‘z navbatida, rasmiy dilerlardagidan arzonroq bo‘lib chiqdi);
  • muomalaga chiqariladigan avtomobillar xavfsizligi bo‘yicha umumiy texnik reglamentga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha.

Hujjatlar loyihalari belgilangan tartibda rrojyest.gov.uz elektron tizimi orqali tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan va jamoatchilik muhokamasiga joylashtirishga tayyorlangan. Biroq loyihalarni tartibga solish ta’sirini baholashdagi muammo, uning sabablari va vujudga keladigan salbiy oqibatlar yetarlicha yoritilmagani hamda gegulation.gov.uz elektron tizimi orqali jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi aholi va tadbirkorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkinligini inobatga olib 2024-yil 15-yanvarda Prezident administratsiyasi tomonidan va 2024-yil 9-yanvarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan rad etilgani munosabati bilan Adliya vazirligiga kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, “Gazeta.uz” dekabr oyida O‘zbekistonda avtomobillar va elektromobillarni olib kirish qoidalarini qat’iylashtirish rejalashtirilayotgani, 2024-yildan boshlab jismoniy shaxslarga tijorat maqsadlarida avtomobil importi taqiqlanishi mumkinligi, yangi xorijiy avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar orqali sotish tartibiga qaytish taklif qilinayotgani haqida xabar bergandi.

Normativ-huqukiy hujjatlar qabul qilinmasligi ta’siri transport vositalarini import qilish hamda ularning sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha muvofiqligini baholash jarayonlari tahlil kilingan.

Hozirda respublikada transport vositalarining muvofiqligini baholash “Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglament asosida amalga oshiriladi.

Reglamentning 5-bandiga asosan muomalaga chiqarilayotgan transport vositalarining muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar transport vositasining turini ma’qullash va muvofiqlik sertifikati (yagona transport vositasi uchun) hisoblanadi (yagona transport vositasi deganda jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan o‘z ehtiyoji uchun O‘zbekiston hududiga bir kalendar yili davomida olib kelingan bir dona transport vositasi tushuniladi).

Yuqorida ta’kidlanganidek, 202Z yil 1-yanvardan yangi import avtomobillarini sotish faqat ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirilishi talabi bekor qilingan.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligining qayd etishicha, o‘z o‘rnida, bu yetkazib berilayotgan avtotransport vositalariga sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish, kafolat muddati doirasida bepul servis takdim etish, ehtiyot qismlari bilan uzluksiz ta’minlash masalalari ochiq qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Hozirda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘z ehtiyoji uchun import qilingan bir birlikdagi transport vositasini sertifikatlashtirish soddalashtirilgan tartibda respublikaning tabiiy-iqlimiy sharoitlariga mosligi, frontal va yon to‘qnashuvda haydovchi va yo‘lovchilarni himoya qilish sinov ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholanmasdan amalga oshirilmoqda.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligining jo‘natgan xatida bu yo‘nalishga oid xalqaro tajriba haqida ham so‘z boradi. Unga ko‘ra:

  • Yevropa Ittifoqi hududiga transport vositalarini olib kirish va ushbu hududda realizatsiya qilish ishlab chiqaruvchi va uning rasmiy vakili tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, transport vositasi turini ma’qullash hujjati rasmiylashtirilgan transport vositalariga ishlab chiqaruvchi tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikati asosida ichki bozorda realizatsiya qilinishi mumkin.
  • Turkiyada esa transport vositalarining turi ma’qullangandan keyin, transport vositasi uchun belgilangan barcha sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari muvofiq topilganda realizatsiya qilinishi mumkin.
  • Shuningdek, ushbu tartib Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlarda ham mavjud.

202Z yil davomida 62 ming 748 ta transport vositasiga 61 ming 372 ta muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilgan bo‘lib, ushbu sertifikatlarning 60 ming 451 tasi jismoniy shaxslar nomida.

Qonunchilikda nimalar nazarda tutilgan?

Moliyachi Otabek Bakirov loyiha tashabbuskorlaridan o‘z qoida va qonunlariga o‘zlari amal qilishini so‘radi.

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 18−1 moddasiga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan, shuningdek, ularning javobgarligiga oid yangi choralarni belgilaydigan qonunchilik hujjatlari rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kiradi.

Ya’ni 25-martda qabul qilingan o‘zgartirish 1-apreldan emas, 25-iyundan kuchga kirishi kerak.

Bundan tashqari, prezident qaroriga muvofiq, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar loyihalari Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilgunga qadar prezident huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat kengashida muhokama qilinishi shart.

Hukumat qarori bo‘yicha me’yoriy hujjat yoki uning loyihasi mahsulot ishlab chiqaruvchi yoki xizmatlar ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning assortimenti va sonini cheklasa, yetkazib beruvchilarning bir-biri bilan raqobatlashish imkoniyatlarini cheklasa, yetkazib beruvchilarning bozor sharoitida bir-biri bilan raqobatlashish istagini kamaytirsa, u holda raqobat uchun salbiy deb baholanishi lozim.