O‘zbekistonda og‘ir jinoyat aybi qo‘yilganda ham sudyalarni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish mumkinligi belgilanmoqda. Senatning 30-martda bo‘lib o‘tgan 51-yalpi majlisida tegishli o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilindi.

Sudlar to‘g‘risidagi qonunning 64-moddasiga muvofiq, sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat unga nisbatan o‘ta og‘ir jinoyat yoki odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan boshqa jinoyat sodir etganlik aybi qo‘yilgan hollarda qo‘llanishi mumkin.

Senat qabul qilgan qonun bilan bunday chora sudyaga nisbatan og‘ir jinoat sodir etganlik aybi qo‘yilgan hollarda ham qo‘llanishi mumkinligi belgilanmoqda.

Yalpi majlisda senator Ulikbek Jalmenov Oliy sud vakiliga bu o‘zgartish yuzasidan savollar berdi.

“Mazkur o‘zgartirishni kiritish qanchalik zarur? Uning ahamiyati nimadan iborat? Amaliyotda qanday tajribalar bor?” — dedi senator.

Savolga Oliy sud raisining o‘rinbosari Shuxrat Polvanov javob berdi.

“Jinoyatlarni og‘ir yoki o‘ta og‘ir deb tasniflaydigan bo‘lsak, korrupsiyaviy jinoyatlar og‘ir jinoyatlar tarkibiga kiradi. So‘nggi yillarda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti. Shu jumladan, sud tizimida ham korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, unga qarshi kurashish borasida keskin choralar ko‘rilyapti. Taklif etilayotgan norma ham sudyalar tomonidan og‘ir jinoyat sodir etganlikda, korrupsiyaviy jinoyatlarni ham sodir etganlikda ayb qo‘yiladigan bo‘lsa, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni nazarda tutadi”, — dedi u.

Shuxrat Polvanovning qo‘shimcha qilishicha, bunday tajriba xorijiy davlatlarda, jumladan, qo‘shni Qozog‘iston va Ukrainada ham mavjud.

“Bu normadan ham maqsadimiz sudlar tomonidan adolatli qaror chiqarilishiga erishish va qonun ustuvorligini ta’minlash hisoblanadi”, — dedi Oliy sud vakili.

Ma’lumot o‘rnida, Jinoyat kodeksiga muvofiq, jinoyatlar o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan; uncha og‘ir bo‘lmagan; og‘ir; o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘linadi. Og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi. O‘ta og‘ir jinoyatlarga esa qasddan sodir etilib, qonunda o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoxud umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.

Senat qabul qilgan qonunda, shuningdek, O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilish, o‘z navbatida, sudlarning o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, qonun hujjatlariga sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilgani munosabati bilan yagona sud amaliyoti ta’minlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Senatorlar qonun sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlashga, jamoatchilik sudlar faoliyati to‘g‘risida muntazam axborot olishi uchun mustahkam huquqiy asoslarni yaratishga, sudyalar zimmasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan biror-bir majburiyat yuklatilishining oldini olishga hamda ular faoliyatining shaffofligini ta’minlashga, shuningdek, qonunchilikdagi ayrim bo‘shliq va ziddiyatlarni bartaraf etishga xizmat qilishini ta’kidladi.