Toshkent shahri IIBB poytaxtda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida xodimlar savdo majmualari, ko‘ngilochar maskanlari, bozorlar va boshqa jamoat joylarida kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borayotganini ma’lum qildi.

“Mamlakatimiz, shahrimiz va har bir mahallada tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlash uchun barchamiz birdek mas’ulmiz. Befarq bo‘lmang!” — deyiladi xabarda.

Ichki ishlar vazirligi esa bu tadbirlar butun mamlakat bo‘ylab o‘tkizilayotganini ma’lum qildi.

“Guvohi bo‘layotganimizdek, zamonamizda ro‘y berayotgan ayanchli voqeliklar makon yoki joy, millat yoki yosh tanlamayapti. Biz tinch va osoyishta, dorilamon kunlarda yashar ekanmiz, yurtimizni turli tashqi ta’sirlardan, yomon niyatli kimsalardan himoya qilishga o‘zimizni daxldor his etishimiz muhim hisoblanadi. Yaqin o‘tmish xalqimiz uchun iztirobli, alamli xotiralar bilan muhrlangan 16-fevral voqealariga, Sariosiyo tumanidagi terroristik tahdidlarga, Andijondagi xunrezliklarga guvoh bo‘lgan. G‘arazgo‘y, vatansiz kimsalarning bu harakati tarixga qonli terror sifatida muhrlangan”, — deyiladi xabarda.

“Mana shunga o‘xshash xunrezliklardan va mudhish voqealardan himoyalanish uchun, yurtimiz, shahrimiz, mahallamiz tinchligi uchun barchamiz bir bo‘lib birlashishimiz, ogohlikni kuchaytirishimiz zarur. Buning uchun, jamoat joylarida shubhali ko‘ringan shaxslarga e’tibor qaratishimiz hamda ular haqida zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishimiz muhim”, — deya qayd etilgan vazirlik xabarida.

Vazirlik turli manzillarda qarovsiz qoldirilgan har qanday buyumni e’tibordan chetda qoldirmasdan, ular haqda darhol 102 raqamiga xabar berish kerakligini eslatdi.

Foto

тошкент, қўриқлаш-патруль xizmati

тошкент, қўриқлаш-патруль xizmati

тошкент, қўриқлаш-патруль xizmati

тошкент, қўриқлаш-патруль xizmati

тошкент, қўриқлаш-патруль xizmati

тошкент, қўриқлаш-патруль xizmati

тошкент, қўриқлаш-патруль xizmati

тошкент, қўриқлаш-патруль xizmati

тошкент, қўриқлаш-патруль xizmati

тошкент, қўриқлаш-патруль xizmati

тошкент, қўриқлаш-патруль xizmati

Milliy gvardiya matbuot xizmati Ramazon oyi munosabati bilan va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida boshqarma xodimlari barcha masjidlarda namoz vaqtida, shuningdek, ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda, yirik savdo majmualari, bozorlar, kinoteatrlar, bog‘lar va ko‘chalarda kuchaytirilgan rejimda xizmat ko‘rsatayotgani haqida xabar berdi.

Avvalroq Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Rossiyadagi “Krokus siti holl”da sodir etilgan teraktdan keyin maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan barcha yirik savdo markazlari va konsert zallari, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash obyektlari hamda odamlar gavjum bo‘ladigan boshqa muassasalarni tekshirishini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 22-mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus siti holl” konsert zaliga bir necha qurollangan shaxs bostirib kirib, o‘t ochdi. Ular, shuningdek, binoni butunlay yoqib yubordi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 143 kishi halok bo‘lgan, 360 dan ortiq kishi jarohatlangan. Hujumni sodir etganlikda gumon qilinib, 11 kishi qo‘lga olingan.