Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari ISHID-K (Xuroson viloyati) terrorchilik guruhi va “Krokus siti holl” konsert zaliga hujum qilganlar bilan aloqadorlikda gumon qilingan to‘qqiz nafar mahalliy aholini qo‘lga oldi. Bu haqda Tojikiston maxsus xizmatlaridagi manbalarga tayanib, Reuters va “RIA Novosti” xabar berdi.

Hibsga olishlar 25-mart, dushanba kuni Vahdat shahrida amalga oshirilgan, shundan so‘ng gumonlanuvchilar Dushanbega olib ketilgan. Qayd etilishicha, tezkor tadbirlarda Tojikiston poytaxtida joylashgan Rossiya xavfsizlik kuchlari ishtirok etgan. Hibsga olinganlarning boshqa tafsilotlari keltirilmagan.

  • “Krokus siti holl”ga hujum 22-mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. “Piknik” guruhi konserti boshlanishidan oldin bir necha qurollangan kishi binoga bostirib kirib, tomoshabinlarga qarata o‘q uzdi. Zalda yong‘in sodir bo‘ldi. Terakt oqibatida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 144 kishi halok bo‘lgan, 382 kishi jarohatlangan.
  • “Krokus”dagi hujum uchun javobgarlikni ISHID-Xuroson o‘z zimmasiga oldi. Rossiya hukumati teraktda gumon qilingan 11 kishi, jumladan, to‘rtta bevosita jinoyatchilar qo‘lga olinganini ma’lum qildi. 24-mart kuni teraktda ayblanganlar hibsga olindi. Sudda ular qo‘lga olish jarayonida kaltaklanish va qiynoq alomatlari bilan ko‘rinish berdi. Keyinroq ish bo‘yicha yana to‘rt nafar ayblanuvchi qo‘lga olindi, ular, tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilarga kvartira ijaraga berib, mashina olib bergan.
  • Rossiya hukumati “Krokus”dagi terakt ortida Ukraina turganini da’vo qilmoqda. Bloomberg agentligiga ko‘ra, Vladimir Putinga yaqin odamlar Kiyevning teraktga aloqadorligi haqida hech qanday dalil yo‘q, deb hisoblaydi, biroq prezident “fojiadan foydalanib, rossiyaliklarni Ukraina bilan urushda mobilizatsiya qilishga urinish niyatida” ekani qayd etadi. Ukraina hukumati “Krokus”dagi teraktga aloqadorligini rad etdi.