26-mart kuni Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi jahon chempionatiga saralash o‘yinlarida Gonkongni mag‘lub etdi. Uchrashuvdan so‘ng bir necha muxlislar to‘siqlarni oshib o‘tib, maydonga yugurib chiqqan holati uchun Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasini (O‘FA) jarimaga tortdi.

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi tartibsizlik qilgan shaxslarga jarima va 5−7 sutka qamoq jazosi tayinlaganini ma’lum qildi.

Keltirilishicha, futbol maydonida tartibsizlik paydo qilgan shaxslar organ xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, ularga ham qarshilik ko‘rsatgan. So‘ng ular darhol Chilonzor IIO FMBga olib kelingan. Shaxslarning 6 nafari voyaga yetmagan bola bo‘lgani sababli ularning ota-onasiga nisbatan jarima tayinlandi. Qolgan 3 nafar shaxs yuzasidan ham ma’muriy bayonnoma tuzilgan. 3 kishining ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudida ko‘rib chiqildi.

Sud 2 nafar qoidabuzarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (Mayda bezorilik) va 194- (Organ xodimlarining qonuniy talabini bajarmaslik) moddalari bilan 5 sutkaga ozodlikdan mahrum qildi. Yana bir shaxs esa 7 sutkaga qamaldi.

“Bir guruh muxlislar butun tayyorgarlik jarayoniga putur yetkazishdi va taassurotni buzib qo‘yishdi. OFK tabiiyki O‘FAni bu harakatlar uchun jarimaga tortdi. Zamonaviy futbolda qat’iy tartib bor: muxlislik qilish zonasi bor, muxlislarning futbolchilar bilan uchrashib, dastxat olishi, suratga tushadigan zonasi bor. Stadionga tushyapsanmi, bu qoidaga rioya qilishga majbursan. Chunki, bitta harakat bilan tartibga javob beradigan yuzlab xodimlarning ishiga putur yetadi”, — deya O‘FA matbuot kotibi, sharhlovchi Davron Fayziyev maydondagi holatga izoh berdi.

U jarimaning aniq summasi qancha ekani haqida gapirmadi.

Futbol huquqi sohasi yuristi Dilshod Norqulovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, OFKning intizom va axloq kodeksida mezbon assotsiatsiya yoki mezbon klub tomoshabinlar o‘rtasida noto‘g‘ri xatti-harakatlar, qonunni buzuvchi xatti-harakatlar yoki noto‘g‘ri nazorat masalasidan qat’i nazar, javobgar bo‘lishi aytilgan. Kodeksga ko‘ra, O‘FA 5000 dollargacha jarima to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin, deya taxmin bildirdi u.