Samarqand viloyatida qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olgan shaxslar aniqlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi Oqdaryo tuman bo‘limi tomonidan tuman ekologiya va atrof muhitini muhofaza qilish sohasida nazorat inspeksiya xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda “A.G” MCHJ mas’ul shaxslari hech qanday hujjatlarsiz “Kumushkent” va “Xalqobod” MFY chegarasidan oqib o‘tuvchi Oqdaryo daryosi muhofaza zonasi hududidan “SANY” rusumli ekskavator yordamida jami 13 ming kub hajmdagi qum-shag‘al xom ashyosini o‘zboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 6 mlrd so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Shuningdek, departamentning Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.B.” MCHJ rahbari B.E. “Zarafshon” massivi hududidan baliqchilik xo‘jaligini tashkil qilish uchun ajratilgan 11 gektar yer maydonidan hech qanday hujjatsiz jami 9,5 ming kub hajmdagi qum-shag‘al aralashmasini o‘zboshimchalik bilan qazib olgani va tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘g‘irlik yo‘li bilan ulanib, 177,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

Avvalroq O‘zbekistonda 1-maydan boshlab Sirdaryo, Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilishi ma’lum qilingandi.