29-mart kuni soat 10:00 dan Labo avtomobillarining 18 ming dona hajmi uchun onlayn kontraktatsiya ochiladi, deya xabar bermoqda UzAuto Motors kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, kompaniya bozorda ortib borayotgan talabni inobatga olgan holda 2024-yilning 2-yarmi uchun avtomobillar ishlab chiqarish hajmini oshirgan. Bunga sabab sifatida ko‘rilgan chora-tadbirlar, shuningdek, bundan oldingi kontraktatsiyada xaridorlar tomonidan to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilmagani ko‘rsatilgan.

UzAuto Motors avtomobillar narxi o‘zgarishsiz qolishini alohida ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya 2023-yilning dekabr oxirida 2024-yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan Cobalt, Damas va Labo avtomobillari uchun shartnomalarni tuzib bo‘linganini bildirgandi. Ommabop avtomobillar kontraktatsiyasi davrida jami 171,2 mingdan ortiq shartnoma berilgan.

Avvalroq kompaniya mazkur avtomobillari narxini 3,5−6,7 foiz oralig‘ida oshirish bo‘yicha xabar e’lon qildi. Kompaniya, shuningdek, bosqichma-bosqich dilerlarga keyinchalik sotish uchun avtomobil sotib olish imkonini beradigan “rivojlangan mamlakatlarda qabul qilingan sotuv tizimi”ni joriy qilishini qayd etdi.

Biroz o‘tib, narxlarini oshirish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini ta’kidladi. “Kontraktatsiya jarayoni olib borilmayotganini inobatga olib, chevrolet.uz saytidagi narxlar 2024-yilning 4-choragi uchun prognoz ko‘rsatkichlari asosida hisoblab chiqilgan”, — deyiladi xabarda.