Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Rossiyadagi “Krokus siti holl”da sodir etilgan teraktdan keyin maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan barcha yirik savdo markazlari va konsert zallari, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash obyektlari hamda odamlar gavjum bo‘ladigan boshqa muassasalarni tekshiradi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Lepexa jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozdi Zakon.kz.

“Bugungi kunda biz ushbu obyektlarning barchasini qo‘shimcha tekshirish ustida ishlayapmiz. Avval tekshirilgan, ko‘rsatmalar berilgan joylarda nazorat tekshiruvlarini o‘tkazamiz. Tekshirilmaganlarni esa tekshiramiz. Qolgan joylarda hech bo‘lmaganda mulk egalari bilan gaplashamiz, texnik tayyorgarlik masalalarini ko‘rib chiqamiz va tavsiyalar beramiz. Biz bu borada ishlayapmiz”, — dedi u (Zakon.kz keltirgan iqtibos).

Vazir o‘rinbosari bunday holatlarda fuqarolarga qandaydir tavsiyalar berish qiyinligini, biroq huquq-tartibot idoralari turli algoritmlar ustida ish olib borayotganini ta’kidladi.

“Biz u yerda nima bo‘lganini, qanday sodir bo‘lganini ham ko‘rib chiqamiz… Masalan, maktablar uchun Ta’lim vazirligi bilan birgalikda algoritm ishlab chiqdik, unga ko‘ra, o‘qituvchi sinfni berkitib, barrikada qilishi, derazalardan uzoqlashib, tashqariga chiqmasligi kerak bo‘ladi”, — dedi Lepexa.

Shuningdek, u yanvar oyidan boshlab Qozog‘istonda mamlakatga keluvchi xorijliklardan majburiy tarzda barmoq izlari olinayotganini eslatdi. “Bu tartib allaqachon ishlayapti, yil boshidan buyon biz mamlakatimizga kirishga uringan 10 nafar jinoyatchini aniqladik”, — deya qo‘shimcha qildi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari.

  • 22-mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus siti holl” konsert zaliga bir necha qurollangan shaxs bostirib kirib, o‘t ochdi. Ular, shuningdek, binoni butunlay yoqib yubordi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 143 kishi halok bo‘lgan, 360 dan ortiq kishi jarohatlangan. Hujumni sodir etganlikda gumon qilinib, 11 kishi qo‘lga olingan.