Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan 29-mart, juma kuni Toshkentda “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkaziladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabarida aytiladi.

Aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish, shaharlarda avtomobillar harakatini kamaytirish va jamoat transportini rivojlantirishdan iborat.

Ekologiya vazirligi barchani shu kuni bo‘lib o‘tadigan aksiyaga “befarq qolmaslikka, shaxsiy avtomobillar o‘rniga jamoat transporti, metro, velosiped kabi atmosferaga kamroq zarar yetkazadigan transport vositalaridan foydalanishga” chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning 21-fevraldagi farmoni bilan keng jamoatchilik vakillari va ekologiya faollari takliflari asosida har oyda bir marta Toshkent shahrida “Avtomobilsiz kun” jamoat loyihasini amalga oshirish belgilangan edi.

Shu kuni binolari Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbariyati va boshqa xodimlariga “jamoat transportida ish joyiga kelish orqali shaxsiy namuna ko‘rsatib borish” topshirilgan.