Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi Surxondaryo viloyati Angor tumani hokimi Qosim Mardonov uchun Captiva avtomashinasi sotib olishda qoidabuzarlik sodir etilgani haqida ma’lum qildi.

Tuman hokimi “ayollar daftaridan” foydalanib, 349,9 million so‘mga Captiva-5 avtomashinasi sotib olgan. Shu bilan birga, tuman va shaharlar hokimlari uchun xizmat avtomobilining maksimal qiymati BHMning 1000 baravari (340 mln so‘m) etib belgilangan, bu agentlik tomonidan ham ko‘rsatib o‘tildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tavsiyasiga asosan avtomashina tuman hokimligi balansidan chiqarilib, Surxondaryo viloyati hokimligiga o‘tkazildi.

Sobiq deputat Rasul Kusherboyev fikricha, bu xalq kutgan qaror emas.

“Aslida xalq shu ko‘zbo‘yamachilikni kutganmidi? Anitikorrupsiya agentligining qo‘l oyog‘i bog‘lab qo‘yilgani aniq, biroq vakolatli boshqa idoralar bunga ko‘z yumishayotgani g‘alati. Ayni vaziyatda viloyat hokimligi o‘z balansidagi bu avtomobilni Angor tumani hokimiga foydalanishga beradi, vassalom. Shu bilan o‘rganishga ham, xalq fikri va muhokamalarga ham tupuriladi”, — deb yozdi u Telegram`dagi kanalida.

Sobiq deputatning yozishicha, muammo mashina kimning balansida saqlanayotganida emas, viloyatdagi ko‘plab muammolarni hal qilish uchun mablag‘ yetishmayotgan bir paytda ayrim hokimlar o‘zlariga aholi hisobidan qimmat mashina sotib olishida.