Vazirlar Mahkamasining 25-martdagi qarori bilan yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etib boruvchi kameralarni o‘rnatish va ulardan foydalanish tartibi tasdiqlandi.

Prezidentning 20-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, yo‘llar bo‘yida joylashgan maktablar oldida hamda kamida to‘rt tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida tezlikni oshirish, piyodalarni o‘tkazmaslik va fuqarolarning yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tishi kabi holatlarni qayd etish uchun foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o‘rnatiladi.

Ularni o‘rnatish 2024-yil 1-iyuldan boshlab quyidagi nuqtalarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:

  • yo‘l bo‘yidagi maktablar yaqinida;
  • 4 va undan ortiq tasmali piyodalar o‘tish joylarida;
  • yo‘l-transport hodisalari o‘choqlarida (yiliga 3 martadan ortiq).
  • temir yo‘l kesishmalarida.

Texnikalarni o‘rnatish “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi. O‘rnatish joylari Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan belgilanadi. Transport vazirligi ikki oy muddatda xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan temiryo‘l kesishmalari ro‘yxatni shakllantiradi va IIVga topshiradi.

Kameralar “Xavfsiz shahar” markazi tomonidan o‘rnatiladi va u “O‘zbektelekom”, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati, hududiy avtomobil yo‘llari boshqarmalari va obodonlashtirish boshqarmalaridan texnik shartlar, shartnomalar, order/ruxsatnomalar oladi.

Foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarida elektr uzilishlari paytida 8 soatdan kam bo‘lmagan zaxira elektr ta’minoti bo‘lishi lozim. Xotira qurilmalari, shuningdek, mobil aloqa mavjud bo‘lmaganda 48 soat davomida ma’lumotni saqlay olishi kerak.

Qayd etilgan qoidabuzarliklar va foto ma’lumotlar “Ma’muriy amaliyot” modulida ikki yil, video ma’lumotlar kamida 90 kundan kam bo‘lmagan muddatda saqlanadi. Kamera yetkazib beruvchi uch yil davomida texnik yordamga kafolat berishi lozim.

Texnik talablarga ko‘ra, kameralar bir vaqtning o‘zida uch va undan ortiq yo‘l tasmalarida 5 dan 250 km/soatgacha tezlikda, shuningdek, chorrahalarda harakatlanayotgan avtomobillarning davlat raqamlarini aniqlashi, kunduzgi va tungi vaqtda o‘tuvchi transport vositalarining kamida 95 foizini qayd etishi kerak.

“Ma’muriy amaliyot” tizimiga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik dalili bo‘lgan fotosuratlar va videolardan tashqari qoidabuzarlikni qayd etilishning aniq vaqti va manzili, avtotransport tezligi, GPS koordinatalari ham taqdim etilishi shart.