Shavkat Mirziyoyev Pop tumanidagi Pungan qishlog‘i va Namangan shahri o‘rtasidagi avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasini tasdiqladi. Bu haqda u 25-mart kuni Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.

“Bugun mana ruxsat berdimki, Pungandan Namangangacha yo‘l qurilishini boshlaymiz. Yillar davomida Namangan xalqi, umuman, vodiy xalqi, ayniqsa, qish paytlari juda qiynalyapti. „Pereval“ bo‘lganidan keyin, bu yo‘lni ham davom ettirishimiz kerak edi, lekin „tegirmon navbati bilan“ deganlaridek, navbati yetib keldi. Yangi O‘zbekistonimizga mana shu yangi yo‘lni, albatta, quramiz”, — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari “orqasida davlat turibdi, prezident turibdi, kafolat turibdi, aytgan gaplari, albatta, bajariladi” degan ishonch hosil qilishlari uchun investorlar bilan Namangandagi loyihalarni shaxsan o‘zi muhokama qiladi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, yo‘lni rekonstruksiya qilish ishlari joriy yilning 25-aprelida boshlanib, 2025-yilning to‘rtinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgan. Magistral yo‘ldagi tezlik 120 km/soatni tashkil qiladi. Yo‘l bo‘ylab ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar, shuningdek, yerosti o‘tish joylari quriladi. Transport vazirligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz"ga oydinlik kiritishicha, gap yo‘lni rekonstruksiya qilish va kengaytirish haqida ketmoqda.

Loyiha 1960-yilda tashkil etilgan va Xitoy davlat konglomerati bo‘lgan CITIC Group`ning qurilish va muhandislik shu’ba korxonasi CITIC Construction tomonidan amalga oshiriladi. Kompaniya, shuningdek, energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida biznesni rivojlantiradi.

Mavzu konteksti

2019-yil oktabr oyida Namangan viloyati sobiq hokimi Xayrulla Bozorov (hozirda Farg‘ona viloyati rahbari) hukumat va Senatdan transport oqimi va YTHlar ko‘paygani sababli uzunligi 75 kilometr, ikki yo‘lakli Pungan-Namangan yo‘lini kengaytirishni so‘ragan edi.

2013-yilda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga 4P112 “Farg‘ona halqa” avtomobil yo‘lining Pungan-Namangan yo‘nalishidagi 0−75 km qismlarini rekonstruksiya qilish uchun 220 million dollar miqdorida kredit ajratgandi.

Loyiha ikki qatorli asfalt qoplamasini to‘rt qatorli sement-beton qoplamaga almashtirishni nazarda tutgan.

“Bundan uch yil avval yo‘lning kengaytirilishi munosabati bilan uy-joylar va dehqon xo‘jaliklari mulklarini buzish uchun 11 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Kimgadir yetkazilgan zarar miqdori allaqachon to‘langan, 220 xonadon boshqa joyga ko‘chirilgan, bog‘lar va o‘simliklar vayron qilingan. Biz hamma narsani tayyor holatga keltirdik. Ammo loyiha to‘xtatildi. O‘shanda LBMI (prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, hozirda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi — tahr.) paydo bo‘lib, loyihaning maqsadga muvofiq emasligi haqida asossiz xulosa chiqargan”, — degandi Bozorov.

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining sobiq raisi Abdurahmon Abduvaliyev bunga javoban loyiha 2016-yilda to‘xtatilgani, ammo yo‘l qoplamasini ta’mirlash uchun 100 ming tonna asfalt yotqizilganini ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, takroriy muzokaralar chog‘ida OTB vakillari ushbu hududda yo‘lni kengaytirishga talab yo‘q ekanini ta’kidlagan.

“Yo‘l harakatini tartibga keltiring — baxtsiz hodisalar bo‘lmaydi”, — degandi Abdurahmon Abduvaliyev OTBning transport bo‘yicha bosh mutaxassisi Pavan Karkidan iqtibos keltirib.