Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Namangan xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi.

“Farg‘ona vodiysidan mamlakatimiz vohalariga dovon orqali o‘tiladi. Poyezd qatnovlari hamma yo‘nalishlarda ham emas. Shu bois mazkur aeroport infratuzilmasini yangilashni hayotning o‘zi taqozo qilmoqda. Bu tadbirkorlik, transport xizmatlari va turizm rivojiga katta turtki beradi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shavkat Mirziyoyev shu kuni Namanganda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hozirda Namangan viloyatida ishlab chiqarilayotgan sanoat va meva-sabzavot mahsulotlari Toshkent yoki Andijon orqali eksport qilinayotgani, shu bois ishlab chiqarish tannarxi oshib borayotganini ta’kidladi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov (chapda). Foto: Prezident matbuot xizmati.Transport vaziri Ilhom Mahkamov (chapda). Foto: Prezident matbuot xizmati.

Yo‘lovchi terminalining sig‘imini soatiga 1000 kishiga yetkazish rejalashtirilgan. O‘tgan yilning sentabr oyida aeroportning rekonstruksiya qilingan uchib kelish terminali ochilgandi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish maydoni 720 kv. metrdan 1756 kv. metrga yetgandi. O‘tkazuvchanlik esa 3 barobarga — soatiga 100 dan 300 yo‘lovchiga oshgan. Jo‘nab ketish terminalini rekonstruksiya qilish boshlangani ma’lum qilingan.

Viloyatning tadbirkorlik, eksport va tranzit sohalaridagi salohiyatini mustahkamlash uchun bo‘sh maydonlarda yuk terminali, umumiy ovqatlanish va yoqilg‘i quyish majmualari hamda boshqa xo‘jalik inshootlari qurish rejalashtirilgan.

Loyihada istalgan turdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi maxsus servis texnikalari parkini yangilash ham ko‘zda tutilgan.

Prezident mahalliy va xalqaro reyslar sonini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi. Chiptalarning arzonligini ta’minlash asosiy vazifalardan biri bo‘lishi kerak, dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil aprel oyida O‘zbekiston aeroportlarini 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi doirasida prezidentga Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarni rivojlantirishning ikkita ssenariysi taqdim etilgan edi. Uzbekistan Airports boshqaruvi sobiq raisi Ra’no Jo‘rayeva birinchi ssenariyda mavjud aeroportlarni rekonstruksiya qilish nazarda tutilganini ta’kidlagan. Ikkinchi ssenariyga ko‘ra, 100 kilometrlik zonada faoliyat yurituvchi uchta “kam quvvatli” xalqaro aeroport o‘rniga Farg‘ona vodiysi uchun yagona aeroport yaratish taklif etilgan.

Ra’no Jo‘rayevaning ta’kidlashicha, Farg‘ona vodiysi viloyatlari markazlari (Namangan, Andijon, Farg‘ona)dagi mavjud aeroportlarning kamchiliklari ularning shahar ichida joylashgani, qo‘nish uchun faqat bir tomondan kelishi va uchish-qo‘nish yo‘laklari sig‘imi cheklangani hisoblanadi — soatiga oltita samolyot.

Yaqinda rekonstruksiyadan so‘ng vodiydagi yana bir aeroport — Qo‘qon shahri aeroporti foydalanishga topshirildi. U 1-apreldan to‘liq ishga tushishi kerak. Aeroport 2001-yildan beri fuqarolik samolyotlari uchun yopilgan va harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan.