25-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Yangi Namangan tumanidagi Gavhar Jewel Group korxonasida bo‘ldi.

Korxona yiliga 1200 kg zargarlik buyumlarini sanoat usulida ishlab chiqarish quvvatiga ega. 2022-yilda ochilgan zavodda Turkiya, Italiya, AQSh va Germaniyadan keltirilgan uskunalar o‘rnatilgan. Loyiha qiymati 6,5 million dollar bo‘lib, shundan 3,5 mln dollari asbob-uskunalar, 1 mln dollari ishlab chiqarish majmuasi va 2 mln dollari xomashyo bazasini shakllantirishga sarflangan.

Bugungi kunda korxonada 10 ming xil dizayndagi zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Chet ellar bilan hamkorlikda qo‘l soatlarining tilla korpusini tayyorlash yo‘lga quyilgan. 2023-yilda 270 kilogramm mahsulot ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari, bu yerda 3D modellashtirish orqali buyurtma asosida istalgan ko‘rinishdagi buyumlarni ishlab chiqarish mumkin.

Ma’lum qilinishicha, korxonada mahalliy zargarlar bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan. Natijada “yashirin ishlaganlar “soya”dan chiqqan”, ish o‘rinlari ko‘paygan. Korxonada 100 dan ortiq kishining bandligi ta’minlangan.

Davlat rahbari korxona zargarlari bilan suhbatlashdi.

“Mamlakatimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olayapmiz. Uni zargar tadbirkorlarga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat berilgan. Ochig‘i, bunday imkoniyatlar hech qaysi davlatda yo‘q. Lekin yurtimizda oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanyapti. Oltin qazib olinmaydigan mamlakatlar bizdan ko‘p eksport qilyapti. Bu sohada biroz kechikdik. Shuning uchun ishlab chiqarishga qo‘shimcha sharoitlar yaratyapmiz. Bu — hali boshlanishi. Sohani hali yana rivojlantiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘sha yerda turkiyalik ishbilarmonlar bilan tajriba almashish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari bo‘yicha muloqot qildi.

Davlat rahbari yiliga 20 ming tonna burama mix va 18 ming tonna rulonli qog‘oz ishlab chiqaradigan, 6 mln dollarlik eksport quvvatiga ega “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarini ham ko‘zdan kechirdi. Korxonada 700 kishi ish bilan ta’minlangan.

Shavkat Mirziyoyev bozor talabidan kelib chiqib, avtomobil sanoatida qo‘llanadigan mahkamlash mahsulotlari hajmini va eksportini oshirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish rejalari yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Ma’lumot uchun, “Mexmash” va Gavhar korxonalaridagi asosiy ulush Dildora Zahidjonovna Isayevaga tegishli.